Jizzax viloyati Forish tumani asosan qir-adirlar, bepoyon dashtu yaylovlardan iborat, oqova suv bormaydigan – lalmi hudud hisoblanadi. Lekin bulog‘u sel suvlari, artezan quduqlar suvidan foydalanib, har qanday ekinga hayot bag‘ishlaydigan mirishkor dehqonlar bu yerda ko‘p.
“Biror davlat korxonasi ish bersa ishlardim”, deb uzukun osmonga qarab bekor yotish forishliklarga xos bo‘lmagan odat. Nafaqat o‘zini, balki oilasidagilarni ham ish bilan ta’minlab, tomorqasidan unumli foydalanayotganlar mo‘may daromadga ega bo‘lmoqda.

Tumandagi “Qizilqum” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Yusuf aka Xudoynazarov o‘zining mehnatsevarligi tufayli tomorqasini katta daromad manbaiga aylantirgan inson, mirishkor dehqon. Uning shu sifatlari tufayli nafaqat hamqishloqlari, balki butun tuman ahli yaxshi biladi.
Yusuf aka turmush o‘rtog‘i Oysuluv opa bilan besh o‘g‘il, bir qizni tarbiyalab elga qo‘shdi. Ko‘pchilik, “Endi Yusuf aka oyog‘ini uzatib, o‘zi yaratgan bog‘ining soya salqinida huzur halovatda yotsa kerak” deyishgan edi. Lekin Yusuf aka yoniga nabiralarini olib, ekinlarga ishlov berishdan charchamaydi. 15 sotix tomorqasida o‘tgan yili kuzda to‘qsonbosti usulida ekilgan sarimsoq piyoz tayyor bo‘ldi. Shu mahsulotni o‘zidan 15 million so‘m sof daromad olishni mo‘ljallab turibdi.

– Xalqimizda, bekorchidan – xudo bezor, degan ajoyib naql bor. Tani-jonim sog‘ bo‘lsa, oyoq qo‘lim but bo‘lsa, nega ishlamay. Ekinlarga qancha ko‘p va o‘z vaqtida ishlov berilsa, ular shuncha mo‘l hosil beradi. Qolaversa, jismoniy mehnat insonni tetik, bardam qiladi. Mana shu ekinlarga ishlov berganing sari, ularni ko‘karishini, gullashini, hosil berishini ko‘rib, hordiq chiqaraman. Bizni qishlog‘imizda, biror joyda ishlash, ishlamasligidan qat’i nazar, har bir oila albatta tomorqasida mehnat qiladi. Bizda bekor yurgan kishini ko‘rmaysiz, – deydi Yusuf Xudoynazarov.

Yusuf akaning oilasi bozoru do‘kondan go‘sht, non, tuz, o‘simlik yog‘i va shakar sotib olishar ekan, xolos. To‘g‘rida, o‘zlarida barcha qishloq xo‘jalik mahsulotlari, meva-cheva yetishtirilgandan keyin, ortiqcha xarajat qilishga ne hojat.

Tomorqadagi sarimsoq piyozdan tashqari, kartoshka, sabzi, piyoz, pomidor, bulg‘or qalampiri, turli ko‘katlar ham baravj rivojlanmoqda. Ha demay, tomorqada yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari pishib yetiladi. Ehtiyojdan ortgani bozorga olib chiqib sotiladi. O‘rniga kechiktirmay, yangi ko‘chat qadaladi.

Yusuf akaning aytishicha, shu tomorqasidan 1 yilda 3 marotaba hosil olar ekan. Xudoynazarovlar oilasi mana shu tomorqasidan har yili 45-50 million so‘mgacha sof daromad olayotgani ham tahsinga loyiq. Yerni boqsang, yer seni boqadi, deb shunga aytsalar kerak.
A.Qayumov, J.Yorbekov),O‘zA