65 ta umumta’lim maktabiga olib boruvchi yo‘llar ta’mirlanyapti
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik tantanalari va yangi o‘quv yilini munosib kutib olish maqsadida – Jizzax viloyatining Forish tumanidagi barcha – 65 ta umumta’lim maktabida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Ushbu tayyorgarlik jarayonida tuman hokimining tashabbusi bilan umumta’lim maktablari binolari va maktablarga olib boruvchi ichki yo‘llar sifatli ta’mirlanib, amalga oshirilayotgan barcha ishlar tuman hokimligining qat’iy nazoratiga olingan.
Jumladan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida tuman hokimi Ikrom Matiyev 1-sektor hududidagi Amir Temur nomli mahalla fuqarolar yig‘ini “Yotoq” qishlog‘ida bo‘lib amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va hududdagi 25-sonli umumta’lim maktabining 2021-2022 yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini o‘rgandi, ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlarining borishi bilan tanishdi.
Ta’kidlash joiz, hokimlikning bevosita ko‘magi bilan maktabga olib boruvchi besh yuz metr ichki yo‘l ta’mirlanib, qum-shag‘al yotqizildi va tekislanmoqda.
Tuman hokimi Forishdagi boshqa umumta’lim maktablarida ham bo‘lib, olib borilayotgan tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Ta’lim muassasalariga eltuvchi ichki yo‘llarda amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlarini tezlashtirish, bu yumushlarni mamlakatimiz mutaqilligining 30 yilligi tantanalariga qadar yakunlash yuzasidan yo‘l qurilishi mutasaddilariga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
“Geobazalt produkt” mahsulotlari 100 foiz xorijga eksport qilinayotir
Forish tumanidagi “Geobazalt produkt” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotir.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida korxona jamoasi bazal’t tolasidan geosetka ishlab chiqarishni to‘liq yo‘lga qo‘ydi.
Loyihaning umumiy qiymati 100 milliard 560 million so‘m bo‘lib, 30 milliardi tashabbuskor mablag‘i va 70 milliard 560 million so‘mi bank kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Korxonada bazalt tolasidan geosetka ishlab chiqarishga mo‘ljallangan barcha uskunalar xorijdan olib kelib o‘rnatildi. bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan ushbu qimmatbaho mahsulot yuz foiz xorijga eksport qilinmoqda.
Mazkur loyihaning to‘liq ishga tushirilishi natijasida 128 nafar forishlik yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
“Geobazalt produkt” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyatini boshlagashi bilanoq, Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlariga 336 ming 100 AQSH dollari miqdorida bazal’t tolasidan tayyorlangan qimmatbaho geosetka mahsuloti eksportini amalga oshirgani mamlakatimiz mustaqilligiga munosib tuhfadir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA