Prezident tashrifidan so‘ng...
Otaxon olislarga – tog‘ va adirlarning etaklariga ko‘z tikadi. O‘sha tomonlardan nigohini uzmay so‘zida davom etadi.
– Forishimiz katta maydonni egallagan, – deydi u. – Jizzaxning eng katta tumani. Tasavvur qilishingiz uchun bir misolni keltiraman. Shu kengliklarga naqd ikkita Andijon viloyatini sig‘dirsa bo‘ladi. Lekin yer ko‘p bo‘lgani bilan undan foydalanmasang nima naf? Bola edik, suv tanqisligi uchun toshli kengliklarda faqat mol-qo‘y boqardik. Dehqonchilik qilib bo‘lmasdi. Bugun shu toshlar bilan tillashdik. Aniqrog‘i yetti yil avval tumanimizga sanoat kirib keldi. Olmossoy konidan bazalt toshini qazib olib, undan tola tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik.
Darvoqe, suhbatdoshimiz Turg‘unboy ota Kuchkunov, “Basalt Uzbekistan” klasteri asoschilaridan biri. U ushbu tadbirkorlik subyektini davlat rahbari qo‘llab-quvvatlamaganida, mamlakatda ishbilarmonlik muhiti bugungiday bo‘lmaganida bu natijalar qayerda edi deydi.
Uning ta’kidlashicha, 2019-yil ushbu klasterning dastlabki korxonasi faoliyat boshlagan. Unda bazalt toshi qayta ishlanib, bazalt tolasini olish yo‘lga qo‘yildi. Bu tola shaklidagi xomashyodan esa innovatsion texnologiya asosida qurilish sanoati uchun muhim bo‘lgan armatura va setkalar ishlab chiqarilgan. O‘sha davrda tuman sanoati uchun bu yaxshi natija edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 8-aprel kuni ushbu klaster faoliyati bilan tanishgan edi. Tashrif taassurotlari, klasterning istiqboldagi rejalari xususida korxonalar rahbarlari bilan suhbatlashdik.
– Davlatimiz rahbari 2019-yil yanvar oyida korxonamizga tashrif buyurib, uning faoliyatni yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriq bergan edi, – deydi “Basalt Uzbekistan” klasteri ta’sischisi Alisher Kuchkunov. – Xususan, ishlab chiqarish hajmi va mahsulotlar turini oshirish kerakligini ta’kidlagan edi. O‘sha paytda Prezidentning bu topshiriqlari bizga katta motivatsiya bo‘ldi. Uning ijrosiga jiddiy kirishdik. O‘tgan davrda bozordagi vaziyatni chuqur tahlil qildik. Innovatsion mahsulotimizga xomashyo bo‘ladigan konlar o‘rganildi. Eng zamonaviy texnologiyalar Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan keltirildi. Natijada 300 gektar maydonda klasterning jami qiymati 498 million dollarlik oltita korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda o‘tgan yili 554 milliard so‘mlik 45 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilgan.
[gallery-17082]
Korxonalarda 177 ming tonna bazalt toshidan uzluksiz ravishda maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Bu mahsulotlarning 80 foizi eksportga yo‘naltirilgan. Xaridorlar AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlar sanaladi.
Bugungi kunda bu qimmatli mahsulotlarning afzalliklarini shu sohaga daxldor tadbirkorlarga, xalqimizga tushuntirish kerak. Bunyodkorlik loyihalarida keng qo‘llash har jihatdan samaradorligidan ko‘pchilik yaxshi xabardor emas.
– Ancha oldin qurilgan ko‘p qavatli uylarni qish mavsumida isitishda muammolar borligi sir emas, – deydi klaster tizimidagi “Basalt Wool” korxonasi tijorat yo‘nalishi direktori Sheroz Narzullayev. – Ana shunday uylarni tegishli tartibda bazalt qoplamalar bilan o‘rash isitish bilan bog‘liq xarajatni 30-40 foizgacha tejaydi. Mahsulot arzon, lekin uzoq muddat xizmat qiladi. Devorga bazalt materiali ishlatish mustahkamlikni oshiradi. Yonmasligini hisobga olsak, xavfsizligi ham yuqori deyish mumkin. Umuman, bazaltdan tayyorlangan qurilish materiallari zanglamaydi. Yengil lekin, ancha mustahkam. Beton qorishmalarining ishqorli muhitiga, tuzli va kislota aralashmalariga chidamli. Shuncha ustunlik, shunga qaramay mahsulot narxi nisbatan arzon.
Yana bir muhim tomoni 1 ming 700 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
– Bu zavod ochilguncha ko‘p davlatlarda, oilamdan uzoqda ishlaganman, – deydi korxona ishchisi Shohrux Abdullayev. – Ish sharoitimiz, oyliklarimiz yaxshi. Uch mahal issiq ovqat, uyga borib-kelishga transport beriladi. Bu yerda mehnat qilayotganidan men kabi xursand ishchilar qancha. Bir narsani bildim, oilaga yaqin joyda ishlasangiz topgan-tutganingizda yaxshi baraka bo‘lar ekan.
Kelgusi yil klasterning korxonalaridan biri – “Basfiber treyd” tomonidan yiliga 25 ming tonna bazalt toshidan tola va mato ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Hozirgi paytda 145 million dollarlik zarur uskunalar keltirilgan. Bu yangi loyiha asosida ishlab chiqarilgan mahsulot ichki ehtiyojni qoplash bilan bir qatorda, 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Yana 1 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Yaqin istiqbolda bu yerdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar avtomobilsozlik, aviatsiya, tekstil, kimyo, neft-gaz sohalarida ham qo‘llanishi mumkin.
Ikrom AVVALBOEV, Otabek Miersoatov (surat), O‘zA muxbiri