Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Forel baliqchiligi: Namanganda yana bir tashabbus (+video)
22:06 / 2024-01-23

Namanganning Uchqo‘rg‘on tumanida forel baliqchiligi xo‘jaliklari haqida biz bir necha reportajlar berganimizdan xabaringiz bor.

Shundan so‘ng mamlakatimizning turli hududlarida forelchilikka asos solishga urinishlar uchradi. Ammo u muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Buning sababi forel balig‘i 22-23 darajadan yuqori bo‘lmagan haroratdagi suvdagina yashay oladi. Namanganning Uchqo‘g‘oni, ya’ni Norin daryosining boshlanish o‘zanidan esa yil davomida ana shu harorat saqlanib turadi.

Namanganda shu yil boshlanishida yana bir tajribaga asos solindi. Endi uni mamlakatimizning istalgan hududlarida qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Keling, bir boshdan boshlaylik. Azizbek Daminov Namangan forelchiligi asoschilaridan biri. Birgina uning Uchqo‘rg‘ondagi forel xo‘jaligi 2023 yilda 1 mln. dollarlik baliq eksport qildi. Hozir forelga ozuqa ishlab chiqarish zavodini quryapti. Bu yil 3 mln. dollarlik eksport uchun shartnomalari bor.
Viloyat hokimligi Norin tumanida ham forelchilik tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

Norin tumanida jiddiy muammo bo‘lgan: yer osti suvlari yuzaga o‘ta yaqin, natijada yerning zaxlik darajasi yuqori. Zax qochirishning samarali yo‘li esa tik quduqlar sonini keskin ko‘paytirish, dedilar mutaxassislar. Shunday ham bo‘ldi.

Yillar davomida 116 ta quduq zax qochirish maqsadida ishlab keladi. Norin tumanida sizot suvi yaqinligi tufayli 1,5 metrdan 7 metrgacha zax mavjud bo‘lib,  bu zax ko‘tarilishi natijasida yer unumdorligiga ta’sir qiladi, – dedi Norin tumani suv yetkazib berish davlat muassasasi direktori Jahongir Asqarov. –Meliorativ quduqlarda ishlab kelishi natijasida yerni unumdorligida o‘zgarish yuzaga kelib, 2014 yilda paxtadan 27-30 sentner hosil olgan bo‘lsak, 2023 yilga kelib bu natija 42,9 sentnerga yetdi.

Odatda yer osti suvlari zovurlar va tashlamalarga oqizilar edi. Azizbek aynan shu suvdan foydalanmoqchi bo‘ldi. Chunki uning yer ostidan chiqish harorati 20 darajadan oshmasdi. Bu esa forel uchun g‘oyat qulay harorat. Shunda Norinda dastlabki “Fishville Norin” forel xo‘jaligi tashkil etildi.

Bu yerga 2023 yil dekabr oyida Uchqo‘rg‘on tumanidan 500-600 grammli baliq olib kelingan, - deydi “Fishville Norin” MCHJ ish yurituvchisi Orifjon Madaminov. –Biz buni 2 oy davomida boqamiz. Fevral oyida har biri 1,5 kilo atrofida bo‘ladi. Shundan so‘ng baliqlarni sotuvga chiqaramiz. Eksport rejalarimiz bor.
Natija kutilganida a’lo bo‘ldi. Forel juda tez semirib o‘syapti. Bundan ruxlangan norinliklar esa yana yangi forel xo‘jaliklari tashkil etishga kirishdilar.

–Norin tumanida hozirgi vaqtda batta forel havzasi tashkil qilindi. Aprel oyigacha yana shu quvvatda ishlaydigan 4 ta havza qo‘shiladi, – deydi Jahongir Asqarov.
Har ishda izlanish, intilishgina muvaffaqiyatga eltadi. Aynan innovatsion g‘oya tufayli Norin tumanidagi 116 ta zax qochiruvchi tik quduqlar endi noyob turli baliqchilikka ham xizmat qilmoqda.
Shunday qilib mamlakatimizning eng issiq hududlari bo‘lgan Surxondaryo, Buxoro, Xorazm hatto Qoraqalpog‘istonda ham Namangan tajribasi asosida forel baliqlarini boqish mumkin bo‘ladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/peP37HUgUX8" title="FOREL BALIQCHILIGI: NAMANGANDA YANA BIR TASHABBUS" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov