AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp 2024 yil AQSH rahbarligi uchun o‘tadigan saylovga nomzod ko‘rsatganlar orasida eng badavlati hisoblanadi. Uning ayni paytdagi kapitali 2,6 milliard dollarga baholanmoqda. Amaldagi Prezident Jo Bayden esa bu borada 6-o‘rinni egallagan.
Xabarda keltirilishicha, Tramp ortidan 880 million dollari bilan respublikachi tadbirkor Vivek Ramasvami bormoqda. Uchinchi o‘rin yana bir respublikachi, Shimoliy Dakota gubernatori Dug Bergamga tegishli. Uning mablag‘i kamida 100 million dollarni tashkil etadi.
Baydenning mablag‘i esa 10 million dollar ekan.
– Barcha 16 nomzodning jami mablag‘i, taxminan, to‘rt milliard dollarni tashkil etgan, bu 2020 yildagi nomzodlar umumiy mablag‘idan ancha oz, – deydi “Forbes” mutaxassislari. – O‘shanda poygada multi milliarderlar Mayk Blumberg va Tom Steyer ham ishtirok etgan.
AQSHda 2024 yil noyabrga mo‘ljallangan navbatdagi prezident saylovida sobiq yetakchi Donald Tramp ham, amaldagi rahbar Jo Bayden ham ishtirok etishini ma’lum qilgan. Agar Bayden g‘olib chiqsa, ikkinchi muddati boshlanganda 82 yoshga to‘ladi.