Jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, inson qalbi va ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda san’at, xususan, kino muhim o‘rin tutadi. Kino nafaqat ko‘ngilochar vosita, balki jamiyatni tarbiyalovchi, muhim ijtimoiy va ma’naviy g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi kuchli madaniy platformalardan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ma’naviy targ‘ibotning zamonaviy va samarali shakllari, xususan, ijtimoiy roliklar va kinolar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yildan boshlab markaz faoliyatida kino mahsulotlari orqali keng jamoatchilikka ijtimoiy masalalarni san’at vositasida yoritish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tgan “Fonus” nomli qisqa metrajli filmlar to‘plamining taqdimoti ham o‘zining dolzarbligi bilan ajralib turadi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Botu Alimov keyingi yillarda markaz tomonidan olib borilayotgan ishlar, yangi loyihalarning ahamiyati xususida batafsil to‘xtaldi.
Tadbir davomida tomoshabinlarga to‘rtta qisqa metrajli film taqdim etildi. Bular – “Fonus”, “Chegara”, “Qo‘shnilar” va “Ichan Qal’a” filmlari. Bosh rejissyor — Shokir Xoliqov.
Mazkur filmlar orqali jamiyat hayotida muhim bo‘lgan birdamlik, inson qadri, millatlararo totuvlik, ilm-ma’rifat kabi g‘oyalar badiiy obrazlar orqali yoritilgan. Har bir film tomoshabinni befarq qoldirmaydigan hayotiy voqealar asosida yaratilgan bo‘lib, jamiyatdagi muammolar va qadriyatlarni chuqurroq anglashga chorlaydi.

“Fonus” filmida chekka qishloqda maktabni dalaga almashishga majbur bo‘lgan o‘quvchilarini ilm dunyosiga, ta’limga olib kirishda to‘siqlarga uchragan fidoyi ustozning hayoti, uning butun qishloqqa ma’rifat ulashish jarayonidagi voqealar tasvirlangan.
“Chegara” filmida inson taqdiri jamiyatdagi o‘zgarishlar bilan qay darajada bog‘liqligi, inson baxti ba’zan bizga sezilmaydigan o‘zgarishlarda yashashi aks ettirilgan. Mazkur kartinada qo‘shni davlatlar bilan chegaralarning ochilishi, avvalo, inson baxti, qadrini yuksaklarga ko‘targani aks ettirilgan.
Bugun yangi Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro integratsiyasi masalalari xalqaro jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lmoqda. “Qo‘shnilar” filmi orqali qardosh xalqlar bilan azaliy do‘st, birdam, hamjihat ekanimiz hayotiy va ta’sirchan lavhalar, samimiyat bilan ochib berilgan.
O‘ziga xos formatda yaratilgan ushbu filmlar tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA