Xorazmda 231 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand fuqarolarga "Mahalla" xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati boshqaruvi, uning shahar, tuman bo‘linmalari tomonidan 98 million so‘m miqdorida yordam ko‘rsatildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylarining 49 nafariga sog‘lig‘ini tiklash, protez-ortopediya moslamalari, jarrohlik amaliyoti uchun yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 182 oilaga iste’mol mahsulotlari uchun pul mablag‘lari o‘tkazib berildi.
Quvonarli tomoni, fond, uning tuman bo‘linmasi yordami bilan qo‘shko‘pirlik 1994 yilda tug‘ilgan Feruza Yusupova son suyagi yemirilishi bilan bog‘liq muammodan batamom qutildi. Unga, fondning Qo‘shko‘pir tuman bo‘linmasi tomonidan 15 million so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratildi. Eng muhimi, Feruzani son suyagi bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti xorazmlik neyrotravmatologlar tomonidan muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
– Sarkoma kasalligi bilan kasallangan, ayni vaqtda Rossiya davlatida davolanayotgan 2018 yilda tug‘ilgan nabiram Kamolbek Zaripovni davolatish uchun yordam so‘rab fondning Urganch tuman bo‘linmasiga murojaat etgan edim, – deydi Yuqori ovul mahallasida yashovchi Baxtiyor Boltayev.—Muhimi, murojaatim e’tibordan chetda qolmadi. Fond, uning tuman bo‘linmasi nabiramni davolatish, sog‘lig‘ini tiklash uchun 10 million so‘mdan ziyodroq pul mablag‘i yordam qildi. Ayni vaqtda nabiramning salomatligi ancha yaxshi. Yaqin kunlarda Rossiyadan yurtimizga qaytadi. Buning uchun avvalo hukumatimizga, qolaversa fond xodimlariga katta rahmat.
Xullas, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo, davlatimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ko‘rsatayotgan yordami va g‘amxo‘rligi sabab ana shunday toifadagi fuqarolar salomatligini tiklab, ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolariga oson yechim topmoqda.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA