Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Folklor namunalarini qiyosiy o‘rganish masalalari tahlil etildi
10:07 / 2025-11-28

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Folklor namunalarini qiyosiy o‘rganish masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjuman doirasida tashkil etilgan yalpi majlisni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ochib, bugungi globallashuv davrida madaniy-ma’naviy merosni hamjihatlikda  o‘rganish xalqlar o‘rtasida do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.  

Rektor bugungi kunda institutda ilmiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalar ekan, joriy yilda aynan xalqaro anjumanlarning soni va salmog‘i yanada kengayganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.  

Shuningdek, u o‘z so‘zida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda folklorshunoslik sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar, ekspeditsiyalar, raqamlashtirish ishlari, hududlar bo‘yicha yangi folklor qatlamlarini aniqlash va ilmiy muomalaga kiritish kabi faoliyatlar diqqatga sazavor ekanini ta’kidladi.

Prezidentimizning madaniy merosni asrash, folklor va an’anaviy san’atni ilmiy o‘rganish hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etishga oid qaror va farmonlari bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarga katta turtki berganiga alohida e’tibor qaratdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqulov folklor ijodiyotni, ayniqsa, turkiy xalqlar ma’naviy-madaniy merosini asrab-avaylash borasida O‘zbekistonda olib borilayotgan ezgu ishlar, bu yo‘nalishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan chop etilgan muhtasham nashrlar xususida batafsil to‘xtaldi.  

Ishtirokchilar tadbir doirasida tashkil etilgan “Folklor – millat ko‘zgusi” deb nomlangan konsert dasturini tomosha qildi. Unda institut o‘qituvchi va talabalari tomonidan milliy lapar va xalq ijodiyoti tomoshalariga asoslangan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Shuningdek, konferensiya “O‘zbek folklorini jahon xalqlar folklori bilan qiyosiy o‘rganish” hamda “Lingvofolkoristika, til, adabiyot va madaniyat masalalari” mavzularida sho‘’balar kesimida davom ettirildi.

Yalpi majlis so‘ngida ma’ruzachilar sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri