English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Folker TRAER: O‘zbekiston investitsiya kiritishga arziydigan mamlakat
19:21 / 2023-09-14

Poytaxtimizda Germaniya iqtisodiyoti kunlari davom etyapti. Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga doir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Masalan, ikki tomonlama hamkorlik masalasi va istiqbolli loyihalar muhokama qilingan davra suhbatida GFR Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi a’zosi doktor Folker Trayer boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Germaniyani Yevropa Ittifoqi tarkibidagi strategik hamkor sifatida bilishi, bugungi kunda har ikki tomon o‘zaro munosabatni yanada rivojlantirish yo‘lida jadal ish olib borayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish orqali hamkorlik samaradorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

[gallery-13592]

So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonga kiritilgan Germaniya investitsiyasi miqdori qariyb 2 milliard yevroni tashkil etdi. Ayni paytda nemis hamkorlar bilan qiymati 10 milliard dollardan ziyod yuzga yaqin qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.

– O‘zbekiston investitsiya kiritishga arziydigan mamlakat, – deydi doktor Folker Trayer. – Boisi, mamlakatingiz aholisining ko‘p qismi yoshlar. Qolaversa, geografik va geosiyosiy jihatdan juda qulay hududda joylashgan O‘zbekiston bilan aloqani kengaytirish, bu diyorga yangi investitsiya kiritish rejamiz bisyor. Hozir turli davlatlarda 300 dan ko‘p filialimiz bor. Hamkor davlatlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shyapmiz. O‘zbekiston bilan ham sheriklikda ko‘plab samarali loyihalarni hayotga tatbiq etmoqchimiz. 

Mamlakatingiz qazilma boyliklarga kon davlat. Bu yerda yengil sanoat, tog‘-kon, metallurgiya sanoati, energetika singari muhim sohalar jadal rivojlanmoqda. Kelgusida qazilma boyliklarini qayta ishlash, yosh kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha birga ishlaymiz.

Tadbirda so‘nggi 6 yil ichida O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 3 barobar oshib, 200 taga yetgani ta’kidlandi. Faqat joriy yilning 6 oyi davomida 17 ta qo‘shma korxona ishga tushirilgan.

Davra suhbatidan so‘ng B2G formatidagi uchrashuvlar ham o‘tkazildi.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA