Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Foizgacha grant mablag‘lari qaytarib berilmoqda
12:55 / 2026-02-02

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida media-tur o‘tkazildi.

Dastlab, media-tur qatnashchilariga mazkur loyiha haqida ma’lumot berildi.

– Umumiy qiymati 147,1 million yevroni tashkil etuvchi ushbu strategik loyiha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, chorvachilik sohasiga xorijiy texnologiyalarni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga moslashgan “yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, – deydi loyiha rahbari Oleg Li. – Loyiha nafaqat chorva mollari sonini ko‘paytirish, balki iqlim o‘zgarishiga moslashgan, resurs tejovchi va yuqori daromadli chorvachilik modelini yaratishga xizmat qilmoqda. Kredit liniyasining 70 foizi iqlimga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan “yashil” investitsiyalar uchun yo‘naltiriladi. Shuningdek, tadbirkorlarga kredit summasining 50 foizigacha kafillik taqdim etilmoqda. Bugungi kunga qadar 26 ta sub’ektga 8,8 milliard so‘mlik kafillik berildi.  

E’tiborli jihati loyiha doirasida chorvachilik yo‘nalishida 100 ming yevrogacha (so‘m ekvivalentida) kredit olgan tadbirkorlarga loyiha ishga tushgandan so‘ng kreditning 40 foizigacha bo‘lgan qismi grant sifatida qaytarib beriladi. Bu albatta, tadbirkorlar uchun katta moliyaviy rag‘bat hisoblanadi.

Loyiha boshidan buyon 321 ta subloyiha moliyalashtirilgan. Natijada 3085 ta, jumladan, xotin-qizlar uchun 825 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 249 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi, 11 ming boshdan ziyod qo‘y-echki, 5 ming bosh qoramol va 3,5 million boshdan ortiq parranda sotib olindi. Sutni qayta ishlash va yem-ozuqa tayyorlash bo‘yicha zamonaviy uskunalar jamlanmalari ishga tushirildi.  

Loyiha doirasida respublikaning barcha hududlarida xotin-qizlar bandligini ta’minlashning yangi modeli – “ijtimoiy lift” tizimi joriy etilmoqda. Bunda uy bekasi maqomidagi ayollar rasmiy tadbirkor bo‘lib, doimiy ish o‘rni va ijtimoiy himoya (pensiya staji, sug‘urta) bilan ta’minlanmoqda. Muhimi, bir nafar ayolning tadbirkor sifatida ish boshlashi kamida 3-5 qo‘shimcha ish o‘rni (yem yetkazish, sut yig‘ish va veterinariya) yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Media-tur qatnashchilari mazkur loyihada ishtirok etayotgan Samarqand tumanidagi baliqchilikka ixtisoslashgan “CMT-SPEKTR-YOIM” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Oqdaryo tumanidagi “ZARAFSHON-LOHMANN-PARRANDA” parandachilik korxonasi va Bulung‘ur tumanidagi “BESH BOLA BAXT IQBOL NUR” chorvachilik fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri