Surxondaryo viloyatidan o‘tgan yili 31 ta chet davlatga 354 ming tonnadan ortiq karantin ostidagi mahsulot, 324 ming 892 dona ko‘chat, qalamcha va boshqalar eksport qilinib, 13 ming 62 nusxa eksport fitosanitar sertifikati berildi. Shuningdek, chet mamlakatlardan kirib kelgan 321 ming tonnadan ortiq mahsulot karantin nazoratidan o‘tkazildi.
Aslida boshqa davlatga import qilinayotgan yoki tranzit tarzida olib o‘tilayotgan, mamlakatimizdan xorijga eksport qilinayotgan karantin ostidagi mahsulotlarga qanday talablar qo‘yiladi? Viloyatga import qilingan karantin ostidagi mahsulotlar o‘simliklar karantini qoidalariga, fitosanitariya talablariga to‘liq javob berayaptimi?
–Xorijdan olib kirilayotgan, olib chiqilayotgan yoki tranzit tarzida olib o‘tilayotgan karantin ostidagi mahsulot o‘simliklar karantini ob’ektlaridan xoli bo‘lishi zarur, – deydi Surxondaryo viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Davron Tangirov. – Uning har bir turkumi fitosanitariya sertifikatlarining asl nusxalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Karantin ostidagi mahsulot olib kirilayotganda, olib chiqilayotganda va tranzit tarzida olib o‘tilayotganda o‘simliklar karantini qoidalari hamda fitosanitariya talablariga rioya qilinishi shart. Ularni olib kirishga karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning o‘simliklar karantini va ularni himoya qilish bo‘yicha davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.
Mutaxassislarning aytishicha, o‘simliklar karantini va ularni himoya qilish bo‘yicha davlat organlariga ega bo‘lmagan xorijiy mamlakatlardan karantin ostidagi mahsulotni olib kirishga o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi karantin ostidagi mahsulotning har bir turkumiga alohida-alohida beradigan karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan holatda yo‘l qo‘yiladi.
Mamlakatimizdan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulot o‘simliklar karantini qoidalariga, fitosanitariya talablariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining o‘simliklar karantini sohasidagi xalqaro shartnomalari qoidalariga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi taqiqlangan karantin ostidagi mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi lozim. Uning har bir turkumiga belgilangan namunadagi fitosanitariya sertifikati ilova qilingan bo‘lishi kerak.
Yakunlangan yilda viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi vohaga kirib kelgan va tranzit bo‘lib o‘tayotgan o‘simlik mahsulotlari bilan dunyoda mavjud 335 dan ortiq karantin zararli organizmlarining kirib kelishi, eksport qilinayotgan karantin ostidagi mahsulotlar bilan viloyatda uchraydigan ichki karantin zararli organizmlarining boshqa davlatlarga o‘tib tarqalishining oldini olish yuzasidan karantin nazoratini kuchaytirib, belgilangan tartibda zararsizlantirish (fumigatsiya) tadbirlarini amalga oshirdi.
–Mutaxassislarimiz o‘tgan yili chet mamlakatlardan kirib kelgan 321 ming tonnadan ortiq karantin ostidagi import mahsulotni karantin nazoratidan o‘tkazib, ichki bozorlarga ruxsat berdi, – deydi viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tashqi karantin bo‘limi boshlig‘i Yusuf Toshboltayev.– Import bo‘lib kelgan karantin ostidagi mahsulotlarni karantin nazoratidan o‘tkazish chog‘ida 11 ta avtotransport vositasiga yuklangan 270 ming tonna ozuqabop kartoshka mahsulotidan namuna olinib, markaziy fitosanitariya laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tkazildi. Laboratoriya xulosasiga asosan tashqi karantin organizmi bo‘lgan sista hosil qiluvchi nematoda (Globadera spp), (Ditylenchus destruktor) kartoshka tuganak nematodasi zararli organizmlari aniqlanib, belgilangan tartibda ortga ya’ni, eksportyor davlatga qaytarildi. Uchta avtotransport vositasiga yuklangan 59 ming 676 kilogramm mandarin mahsulotidan markaziy fitosanitariya laboratoriyasiga yuborilgan namunalarda karantin organizm Aonidiella aurantii (Maskell) – qizil pomeranets qalqandori (tirik) zararkunandasi hamda Bactrocera sp.-mevali pashsha (tirik) zararkunandasi aniqlanib, tegishli tartibda yo‘q qilindi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda o‘simlik zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashishga qaratilayotgan e’tibor fitosanitar va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Tashqi bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirayotir. Shunga ko‘ra, viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutaxassislari karantin ob’ektlari va xavfli zararli organizmlarga qarshi samarali kurashish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, fitosanitar tozalikni saqlash uchun mahalla raislari, sektorlar, tegishli tuman tashkilotlari rahbarlari, o‘simliklar klinikalari vakillari, fermer va klasterlar ishtirokida “Karantin hizmati – dehqonga ko‘makchi” shiori ostida qishloq xo‘jaligi ekinlari zararli organizmlariga qarshi (IPM) uyg‘unlashgan himoya qilish dasturi doirasida seminarlar tashkil etmoqda. Ekologik toza, pestitsidlar miqdoridan xoli, inson salomatligiga zararsiz ekportbop mahsulotlar yetishtirish haqida barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan maxsus flayerlar tarqatilmoqda. Sohaga oid yangiliklar, imtiyozlar targ‘ib qilinmoqda. Bunday keng ko‘lamli ishlar yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlab, dunyo bozorida xaridorgir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri