Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fitosanitariya sohasidagi qonunchilik xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi
14:05 / 2025-12-23

Qonunchilik palatasining majlisida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha bitimiga muvofiqlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, 2020 yilda mamlakatimiz O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiyaga (Rim, 1951 yil 6 dekabr) qo‘shildi. O‘simliklarni himoya qilish, o‘simlik mahsulotlarining xalqaro savdoda xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida 45 ta fitosanitariya choralari bo‘yicha xalqaro standartlardan 40 tasi milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlarida nazarda tutilgan qoida va me’yorlarga muvofiqlashtirish zarurati mavjud.  

Ushbu qonun loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini yanada jadallashtirishga qaratilgan.  

Unga ko‘ra, Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga hamda “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi, “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga JSTning Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha bitimida belgilangan qoida va normalarga muvofiqlashtirish bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.  

Nazarda tutilayotgan normalar fitosanitariya sohasidagi qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga, mamlakatimizda yetishtirilgan o‘simlik va o‘simlik mahsulotlarining xalqaro savdoda to‘siqlarsiz harakatlanishiga, o‘simliklar karantini sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA