Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fitosanitariya sertifikatlarini olishda ko‘maklashilmoqda
09:16 / 2024-10-08

Serquyosh yurtimiz meva – sabzavotlari eksporti jarayonida sifatli fitosanitar ekspertizadan o‘tkazish talab etiladi. Bu borada esa O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining hududiy bo‘limlari tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda.

Ayni paytda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida 3 ming 500 gektardan ortiq uzumzorlar bo‘lib, joriy yilda 30 ming tonnadan ko‘proq uzum mahsulotini jahon bozoriga chiqarish rejalashtirilgan. O‘z navbatida qish – bahor mavsumida aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabini bir maromda qondirish maqsadida tumanda meva-sabzavot saqlashga ixtisoslashgan 68 ming 800 tonna sig‘imga ega 83 ta muzlatgichli omborxona tashkil etilgan.

Tumandagi “My Garden” fermer xo‘jaligi tasarrufida 45 gektar uzumzor bor. Hozirda xo‘jalik tasarrufidagi 2 ming tonna sig‘imga ega muzlatgichli omborxonaga uzumning “Husayni”, “Kelinbarmoq” singari navlari, shuningdek, olma, xurmo kabi mevalar qish-bahor mavsumida eksport qilish uchun jamlanmoqda.

[gallery-19639]

“Ixlos ASB frutata” MCHJ esa Oltiariq bog‘larida yetilgan va quritilgan mevalarni MDH davlatlariga eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Korxona texnologi Asliddin Sobirovning qayd etishicha, qayta ishlash, konservatsiya qilish va tabiiy holda quritish orqali mahsulotlar “Frutata” brendi ostida mamlakatimizdagi eng yirik savdo tarmoqlariga ham yetkazib berilmoqda. Korxona “Halol” sertifikatiga ega bo‘lib, kelgusi yildan mahsulotlarini AQSH, Germaniyaga eksport qilish borasida kelishuvga erishilgan.

Korxona jamoasi jahon bozorida munosib o‘ringa ega bo‘lish uchun O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Oltiariq tuman bo‘limi bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.  

 - Har bir mahsulotni eksportga tayyorlash jarayonida uning fitosanitar holati o‘rganilib, ehtiyoj tug‘ilganda zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlov beriladi, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Oltiariq tuman bo‘limi mutaxassisi Jasurbek Karimov. - Keyin tumanda tashkil etilgan Eksportga ko‘maklashish markazida tegishli tartibda ko‘rikdan o‘tkazilib, mahsulot sifati, fitosanitariya holati bo‘yicha barcha kerakli hujjatlar rasmiylashtiriladi.   Bu hujjatlar tashish jarayonida chegara postlardan qiyinchiliksiz o‘tish hamda mahsulotni xaridorga tez va sifatli yetkazishda muhim ahamiyatga ega.

Oltiariq tumani O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi mutaxassislari fermer va dehqon xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa yer egalariga doimiy ko‘makdosh hamda maslahatchi. Shu maqsadda eng so‘nggi rusumdagi jihozlar bilan ta’minlangan ko‘chma laboratoriya tashkil etilgan. Buyurtma asosida laboratoriya xodimlari joyiga chiqib, sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, tumanda 30 ga yaqin qishloq xo‘jaligi sohasida ixtisoslashgan dorixonalar tashkil etilgan.

- O‘simliklar karantini  va himoyasi bo‘limi mutaxassislari amaliy bilim va tajribasi bilan bizga yaqin ko‘makchi bo‘layotganidan mamnunmiz, - deydi oltiariqlik sohibkor Bahodir Ergashev. - Bu yil ham ularning maslahati bilan tomorqamizda uzumdan mo‘l hosil ko‘tardik. Bugungacha “Rizamat ota”, “Mers”, “Kelinbarmoq” singari uzumlarning har bir kilogrammi o‘rtacha 15 ming so‘mdan sotildi.  Hozirda “Husayni” uzumining har bir kilogrammi o‘rtacha 6 – 8 ming so‘mdan ulgurji narxda xaridorga yetkazib berilmoqda.            

 

Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA