Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishga oid qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha Bitim talablaridan kelib chiqqan holda fitosanitariya choralari bo‘yicha qonunchilik xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunga fitosanitariyaga oid xavfni tahlil qilishga oid yangi norma kiritilib, fitosanitariyaga oid xavfni tahlil qilish O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan amalga oshirilishi hamda uning tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.
Yuridik shaxslarga fitosanitar zararsizlantirish bo‘yicha faoliyat uchun cheklangan muddatga litsenziya berilishi hamda ushbu faoliyatni litsenziyalaganlik uchun davlat boji belgilanadi. Litsenziyaning nomi va uning kichik turlari aniqlashtirilishi hamda mazkur faoliyatni amalga oshirish chog‘ida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori belgilanishini nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.
Qonun o‘simliklar karantini va himoyasi sohasini xalqaro standartlarga moslashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
“Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunda ekologik vaziyatni nazorat qilish, aholining salomatligini yaxshilash, tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash bilan bir qatorda davlat ekologiya nazorati tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish choralari nazarda tutilgan.
Majlis yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun hududlarda ekologik holatni yaxshilash, ekologik muammolarni hal etish borasida mahalliy kengashlar oldidagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘quv seminari o‘tkazildi.
Seminarda doimiy komissiya a’zolarining soha bo‘yicha qonunchilikdagi yangiliklar, o‘zgarishlar yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, sohaga oid qonunlarni ko‘rib chiqishda ularning fikrini inobatga olish zarurligi aytib o‘tildi hamda tegishli vazifalar belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA