Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fitosanitar zararsizlantirishni litsenziyasiz amalga oshirganlik uchun jarima belgilanmoqda
18:28 / 2024-09-17

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotni zararsizlantirish (fumigatsiya) faoliyatida raqobat muhitini shakllantirish va mazkur tadbirlarning samaradorligini oshirish, shuningdek, fumigatsiya faoliyatining atrof-muhitga va fumigatsiya qilinayotgan mahsulotga ta’siri kam bo‘lgan usullarini joriy qilish maqsadida fitosanitar zararsizlantirish xizmatlarini xususiy sektorga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.  

— Qonun loyihasi bilan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) faoliyatini litsenziyalash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda. Litsenziyalash bilan bog‘liq vakolatlar esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga berilmoqda, — dedi deputat Dilrabo Xolboyeva. —Fitosanitar zararsizlantirish xizmatining inson hayoti, sog‘lig‘i hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi nuqtai nazaridan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, xususiy sektor tomonidan fitosanitar zararsizlantirish xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati litsenziyalashni taqozo etadi. O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotni fumigatsiya faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirganlik yoki litsenziyalarni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olganlik uchun jarima belgilash nazarda tutilyapti.  

Qonun loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakat hududidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha aniq muddat belgilandi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi karantin ostidagi mahsulotlarni fitosanitar zararsizlantirish faoliyatining samaradorligini oshirish, xususan, fitosanitar zararsizlantirishning yangi usullarini joriy qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i hamda atrof-muhitga bo‘lgan ta’sirini boshqarishga xizmat qiladi.  

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA