“O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 29-moddasida karantin ostidagi mahsulotni olib kirish tartib-qoidalari o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra, mamlakatimizga kiritilayotgan karantin ostidagi barcha mahsulotga fitosanitariya sertifikatining asl nusxasini ko‘rsatish talab etiladi. Ammo mahsulotlarning fitosanitariya sertifikatining asl nusxasi taqdim etilgunga qadar ular davlat chegarasida vaqtinchalik saqlanmoqda.
Bu esa o‘z navbatida, mahsulotlarning turib qolishiga, yuk egalarining ortiqcha xarajatlariga sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, aksariyat davlatlarda fitosanitar xavfi past bo‘lgan mahsulotlarga fitosanitariya sertifikatining asl nusxasini ko‘rsatish talabi bekor qilingan.
Endilikda ushbu byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va fitosanitariya talablarini yengillashtirish masalasi ko‘rilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilingan “Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ayni maqsadga qaratilgan.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunga xalqaro amaliyotda fitosanitariya sertifikati talab etilmaydigan tovarlarni import qilishda eksport qiluvchi davlatning fitosanitariya sertifikatini talab etish amaliyotini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, fitosanitar xavfi past bo‘lgan karantin ostidagi 230 ta mahsulotga eksport qiluvchi mamlakatning sertifikatini talab etish amaliyoti bekor qilinyapti. Bular asosan quritilgan va qoplangan choy mahsulotlaridir.
Fraksiya a’zolarining qayd etishicha, fitosanitariya talablarini yengillashtirish orqali tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratish, aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish va ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash imkoniyati yuzaga keladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA