Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fitosanitar nazorat: mahsulot, sifat va kafolat
11:39 / 2020-07-05

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini oshirishda issiqxona xoʻjaliklarining oʻrni ortmoqda.


Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini oshirishda issiqxona xoʻjaliklarining oʻrni ortmoqda.

Sirdaryo viloyatidagi mavjud 192 gektar issiqxonalarda yiliga oʻrta hisobda 5 ming tonnaga yaqin qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Shu jumladan, “Bekklaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 35 gektar maydonni egallangan issiqxonaning 26 gektarida bulgʻor qalampiri, 7 gektarida qulupnay hamda 2 gektarida baqlajon yetishtirilib Rossiya davlatiga eksport qilinmoqda.

Janubiy Koreya texnologiyasi asosida jihozlangan zamonaviy issiqxonada gidroponika usulida bulgʻor qalampirining 12 xil navi yetishtiriladi. Har birining sof ogʻirligi 300-500 grammni tashkil etadi.

– Albatta issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlarning inson salomatligi uchun xavfsizligi, shu bilan birga turli karantin ostidagi zararli organizmlardan xoli ekanligi, boshqacha aytganda, ularning fitosanitar holati muhim ahamiyatga ega, – deydi Sirdaryo viloyati oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi agronom- inspektori Arslon Ergashev. – Bu borada har bir issiqxona xoʻjaliklarida fitosanitar dala nazorati tadbirlari muntazam olib borilmoqda.

Issiqxonada yetishtirilgan bulgʻor qalampirlari maxsus qadoqlash sexida qadoqlanib, “Sirdaryo Bekklaster” yorligʻi ostida xorijga eksport qilinayotir. Bu yerda bir kecha-kunduzda 40 tonna mahsulot qadoqlanadi. Mahsulotlar qadoqlanishidan oldin qadoqlash sexida karantin ostidagi turli zararli organizmlarga qarshi zararsizlantirish tadbirlari amalga oshiriladi.

Darvoqe, issiqxona xoʻjaligidan tashqari “Bekklaster” tarkibida 200 gektar ochiq maydonda tokzor ham tashkil etilgan boʻlib, unda uzumning xaridorgir – “Rizamat ota”, “Kelinchak barmoq” hamda “Husayni” navlari yetishtirilmoqda. Bu yil 25 gektar maydondagi uzum hosilga qirgan. Hosilni turli kasalliklardan himoya qilish borasida viloyat oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasining agranom- inspektorlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Sirdaryo viloyati sharoitida tokzorlar tashkil etish, uzum koʻchatlarini koʻkartirish shu bilan birga ulardan yuqori hosil olish igna bilan quduq qazishdek, gap. 200 gektarda uzum yetishtirish uchun giyoh ham unmaydigan shoʻrlangan maydonlarga daryo suvi tortib kelinib yerlarning shoʻri yuvildi. Shundan soʻng mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantirildi.

– Bugungi kunda 25 gektar maydondagi uzumlar hosilga kirgan, – deydi “Bekklaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati bogʻboni Obid Badalboyev. – Qishloq xoʻjaligiga klaster tizimi orqali innovatsion texnologiyalar hamda ilgʻor boshqaruv usullarini joriy etilishi unumdorligi past va giyoh ham unmaydigan shoʻrxok yerlarda ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga xizmat qilmoqda.

“Bekklaster” bugun nafaqat paxtachilik va gʻallachilikda, balki sabzavot, hoʻl meva, poliz mahsulotlari yetishtirib eksport qilishda viloyatda yetakchilardan hisoblanadi.

Korxonada qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib, tashqi va ichki bozorga fitosanitar toza, servitamin mahsulotlarni olib chiqishi va bozordagi obroʻsini saqlab qolishida viloyat oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi xodimlarining ham hissasi borligini taʼkidlab oʻtish lozim. Bularning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaldagi samarasidir.