“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJning kredit reytingi “BB-” darajasidan “BB” darajasiga ko‘tarildi. Bu haqda mazkur tashkilot axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur qaror 2025 yil 26 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi “BB” darajasiga ko‘tarilib, prognoz “Barqaror” deb belgilanganidan so‘ng qabul qilindi.
Reytingning oshirilishi kompaniyaga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan mustahkam va tizimli qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uning mamlakat iqtisodiyotida tutgan muhim o‘rnini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ta’kidlash joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ to‘liq davlat mulkida bo‘lib, uning faoliyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat nazoratida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, gaz narxlari davlat tomonidan tartibga solinadi, kompaniya davlat kafolatlari, soliq imtiyozlari va boshqa turdagi iqtisodiy yordam choralari bilan ta’minlangan.
Bundan tashqari, “Fitch Ratings” agentligi “O‘zbekneftgaz” AJning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi strategik ahamiyati va mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlashdagi hal qiluvchi rolini ham inobatga olgan.
Bu kabi ijobiy reyting o‘zgarishi kompaniyaning xalqaro miqyosdagi moliyaviy barqarorligi va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ishonchli qo‘llab-quvvatlashni namoyon etadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA