Buxoro shahrida tadbirkor va fuqarolarning 51 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritgan firibgar aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Fuqaro J.T. uch nafar tadbirkorning ishonchiga kirib, ularga go‘yoki “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ bilan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha hamda Chirchiq shahrida laminat ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzib berish evaziga jami 44 ming AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, fuqaro J.T. fuqarolar G‘. va U.ga navbatsiz “Lacetti” rusumli avtotransport vositasini olib berish evaziga 7 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritganligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA