FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston “Adolat” SDP tashabbusi bilan Adliya hamda Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida “Ogoh bo‘ling, firibgar!” aksiyasi doirasida navbatdagi tadbir tashkil etildi.
Tadbir Farg‘ona davlat universiteti Harbiy ta’lim fakultetida o‘tkazildi va unda talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar hamda soha vakillari ishtirok etdi.
“Adolat” SDP Farg‘ona viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari O. O‘lmasov aksiyaning asosiy maqsadini — aholini, ayniqsa yoshlarni firibgarlik va kiberjinoyatlar qurboni bo‘lishdan himoya qilish va jamiyatda huquqiy immunitetni shakllantirishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi, podpolkovnik A. Eminov va viloyat Adliya boshqarmasi axborot bo‘limi bosh maslahatchisi L. Vasiyev ma’ruzalarida Konstitutsiyada mulk daxlsizligi kafolatlangani va Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatib, fuqarolarni huquqiy jihatdan hushyor bo‘lishga chaqirdi.
[gallery-27704]
Harbiy ta’lim fakulteti boshlig‘i, podpolkovnik A. Rahimov esa yoshlarda axborot xavfsizligi madaniyatini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanini ta’kidlab, bunday tadbirlar kursant va talabalarning huquqiy ongini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.
Tadbir davomida firibgarlikning an’anaviy va kiber shakllari, soxta sovrinlar, onlayn kreditlar, qalbaki treyding kurslari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilayotgan aldash sxemalariga misollar keltirildi. Ishtirokchilarga shaxsiy ma’lumotlar, bank kartasi raqamlari va SMS kodlarni begona shaxslarga bermaslik, shubhali havolalarga kirmaslik va faqat rasmiy manbalardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Firibgarlikka qarshi kurash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyati hamdir. “Ogoh bo‘ling, firibgar!” aksiyasi jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va fuqarolarni zamonaviy tahdidlardan himoya qilishga xizmat qiladi.
Muqimjon Qodirov olgan (surat), O‘zA