Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Firibgarlik yoki o‘g‘rilik qilgan shaxs 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi
17:52 / 2022-09-13

Elektron to‘lov vositalari yoki masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlaridan foydalanib o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik jinoyatlari ko‘paymoqda.

2022 yilning 7 oyi davomida bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini firibgarlik va o‘g‘rilik yo‘li bilan talon-toroj qilini yuzasidan 1 ming 812 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur huquqbuzarlik Jinoyat kodeksining firibgarlik, o‘g‘rilik deb nomlangan 168, 169-moddalari bilan tasniflanmoqda. Biroq, ayni paytda ushbu moddalarda belgilangan jazo aybdorlarning chin dildan pushaymon bo‘lib, bu yo‘ldan qaytishi, axloqan tuzalish yo‘liga kirishi uchun yetarli emasligi, sodda qilib aytsak, jazo yengillik qilayotgani ma’lum bo‘lmoqda.

Shu sababli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Qonun bilan bunday turdagi jinoyatlar uchun jazo og‘irlashtirilmoqda. Ya’ni endilikda axborot tizimlariga noqonuniy kirib va ulardan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima to‘lanadi. (Hozir bu miqdor 100 dan 300 gacha).

Amaldagi normada ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan bo‘lsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha etib qat’iy belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa moddiy madaniy meros ob’ektlariga nisbatan hurmatsizlik qilish, tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

O‘zA