Har bir mamlakatda qabul qilingan qonunlarga xilof ravishda sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilik sur’atini keskin kamaytirish va ularga qarshi kurashish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, mamlakatimizda jinoyatchilik ko‘rsatkichlari qanday va uning oldini olish bo‘yicha nimalarni amalga oshirishimiz lozim?
O‘zbekiston Respublikasi Statistikasi Qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-iyun oylarida jinoyat sodir etgan shaxslar soni 27130 kishini tashkil etgan bo‘lib, jinoyat sodir etgan ayollar 3236 nafar yoki jamiga nisbatan 11,9 % ni, erkaklar esa 23894 kishini tashkil etgan (88,1 %).
Ro‘yxatga olingan jinoyatlarning turlari bo‘yicha tahlil qilinganida, 2021 yilning yanvar-iyun oylarida respublikamizda 9439 ta firibgarlik (jamiga nisbatan 20,7 %), 8354 ta iqtisodiyot sohasida, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar (jamiga nisbatan 18,3 %), 7618 ta o‘g‘rilik (16,7 %), 2500 ta o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (5,5 %), 2092 ta giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar (4,6 %), 1150 ta poraxo‘rlik (2,5 %), 1100 ta bezorilik (2,4 %), 489 ta qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish (1,1 %), 416 ta talonchilik (0,9 %), 217 ta qasddan odam o‘ldirish va odam o‘ldirishga urinish (0,5 %), 158 ta tovlamachilik (0,3 %), 146 ta nomusga tegish va nomusga tegishga urinish (0,3 %), 135 ta bosqinchilik (0,3 %) va 11816 ta boshqa turdagi jinoyatlar (25,9 %) ro‘yxatga olingan.
2021 yil yanvar-iyun oylarida jinoyat sodir etgan shaxslarning yoshi jihatidan tahlil qilinganida, jami jinoyat sodir etgan shaxslar 27130 nafardan iborat bo‘lib, shundan 31 yosh va undan kattalar 62,5 % ni (16957 nafar), 25-30 yoshdagilar 19,3 %ni (5224 nafar), 18-24 yoshdagilar 15,4 % ni (4184 nafar) va 13 -17 yoshdagilar 2,8 % ni (765 nafar) tashkil etgan.
Hozirgi kunda ayniqsa, bozor munosabatlariga o‘tishda sodir bo‘layotgan huquqbuzarliklarning oldini olishning samarali usul va vositalarini ishlab chiqish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida haftaning har payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilangani bejiz emas.
O‘z navbatida ta’kidlash lozimki, har qanday jinoyatni tor ma’nodagi huquqiy hodisa sifatida tushunishdan voz kechilib, uning ijtimoiy-huquqiy va ruhiy vosita sifatida e’tirof etilishi natijasida aybdorning qilmishiga nisbatan yangi nuqtai nazardan yondashish omili yuzaga keldi va jinoyatlar profilaktikasi jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi bosh yo‘nalishga aylandi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi jarayonida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash shartli ravishda ikki yo‘nalish: a) g‘ayri ijtimoiy xulq-atvordan shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish; b) huquqbuzarliklar profilaktikasi chora-tadbirlari yo‘naltirilgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish.
Jinoyatlarning oldini olish samaradorligini oshirish uchun bunday jinoyatlarning ayrim o‘ziga xos xususiyatlarini, eng avvalo, ma’muriy-hududiy birliklar doirasida bunday jinoyatlarning sodir etilish faktini o‘rganish orqali tegishli xulosalar chiqarish imkoniga ega bo‘lamiz.
Shunday ekan, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish uchun qanday profilaktika choralarini amalga oshirishimiz kerak? Aholining huquqiy ongi va huquqiy savodxonligini rivojlantirish bo‘yicha faoliyat olib borish;Korrupsiyaga qarshi kurash;aholining har qanday huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirish;vatanparvarlikni rivojlantirish.
F.XUDOYQULOV,
TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya
va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi
dotsenti vazifasini bajaruvchisi