English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Firibgarlik jinoyatini fuqarolik huquqiy munosabatdan farqlash zarur
11:21 / 2023-10-07

Navoiy shahrida sudyalar, Davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura va ichki ishlar organlari tergovchilari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023 yil 23 iyundagi “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi plenum qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda firibgarlik jinoyatini fuqarolik huquqiy munosabatdan farqlash, bu turdagi jinoyatlarni yuritishda surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida yo‘l qo‘yiladigan xato va kamchiliklar xususida so‘z yuritildi. 

– Surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlarida fuqarolik munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar firibgarlik jinoyati deb baholanib, ayblov e’lon qilish holatlari uchrab turibdi, – deydi viloyat sudi sudyasi Anvar Isoqov. – 2022 yil hamda 2023 yilning 9 oyi davomida Navoiy viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan jami 5 nafar shaxsga nisbatan 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlov hukmlari, viloyat sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi tomonidan mazkur davrda jami 20 nafar shaxsga nisbatan 12 ta ish bo‘yicha oqlov hukmi chiqarilgan. Bundan tashqari, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida jinoyat ishi hujjatlarida hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasi sifatsiz va yuzaki tarzda rasmiylashtirilayotgani sababli sud muhokamasida ushbu dalillarni tekshirish imkoni bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 415-moddasiga muvofiq, sud surishtiruvda dastlabki tergovda e’lon qilingan ayblovni JPKning 416 va 417-moddalarida nazarda tutilgan tartibda o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqliligi belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, 2022 yilda sudlar tomonidan jami 37 nafar shaxsga nisbatan 18 ta, 2023 yilning birinchi yarmida 15 nafar shaxsga nisbatan 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha ayblovni og‘irrog‘i bilan yoki haqiqiy ahvolga ko‘ra, dastlabki ayblovdan jiddiy farq qiladigan ayblov bilan almashtirish yoki boshqa shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslar aniqlanganligi munosabati bilan qo‘shimcha protsessual harakatlarni amalga oshirish yuzasidan ajrim chiqarilgan.

– Tuzilgan bitimga asosan o‘zga shaxsning egaligiga o‘tkazilgan yoki garov ta’minoti sifatida topshirilgan mulk yuzasidan shaxsning bitim tuzilishida boshqa maqsad ko‘zlangani haqidagi vajlari, bitim qonunga muvofiq tuzilgani aniqlansa, bunday holat firibgarlik sifatida baholanmaydi, – deydi viloyat sudi raisi o‘rinbosari Abdumannon Shaydoyev. – Agar shaxs o‘zaro ixtiyoriy yozma bitim, kelishuvlar (qarz shartnomasi, tilxat, kafolat xati va boshqalar) asosida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini uni ijro etish jarayonida ayrim ob’ektiv sabablarga ko‘ra (masalan, mulkiy nochorligi, shartnoma tuzishda taraflar uchun asos bo‘lgan vaziyatning jiddiy o‘zgarishi, og‘ir kasalligi, favqulodda holat tufayli) bajara olmasa yoki o‘zganing mulkini egallashga nisbatan qasd mavjudligini isbotlashning imkoni bo‘lmasa, bunday holatlar fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizo sifatida baholanadi. Bu jarayonlar fuqarolik, iqtisodiy sud ishi yurituvi tartibida hal etilishi lozim.

Hozirgi kunda keng tarqalgan banklar va kredit muassasalaridan onlayn shaklda kredit olish maqsadida aldab yoki ishonchni suiiste’mol qilib, shaxsning elektron raqamli imzolaridan foydalanib, pul mablag‘larini qo‘lga kiritish holatlari esa firibgarlik sifatida baholanadi.

So‘nggi paytlarda mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq jinoyatlar orasida firibgarlik illati turli usullarda sodir etilmoqda. Mazkur plenum qarori esa bu toifadagi jinoyatga qonuniy, asosli baho berish, qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilishda jinoyat tarkibi va fuqarolik huquqiy munosabat o‘rtasidagi yagona sud amaliyotida uchrayotgan muammolarga yechim bo‘ladi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri