Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi
10:45 / 2022-11-04

Firibgarlik – bugun kundalik hayotimizda eng ko‘p kuzatilayotgan jinoyat turlaridan biri sanalib, undan fuqarolarimiz doimo ogoh bo‘lishlari lozim.

Bu borada Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti bilan hamkorlikda joylarda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Andijon viloyatidagi injiniring kompaniya xodimi ushbu kompaniya buyurtmachiligi asosida davlat dasturi doirasida kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgan ko‘p qavatli arzon uy-joylardan 2 ta xonadonni mahalliy fuqaro nomiga rasmiylashtirib, ushbu xonadonlar uchun bankdan imtiyozli kredit ajratilishida yordam berish evaziga 17 ming 800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Namangan viloyatining Davlatobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa o‘zini go‘yoki Davlat xavfsizlik xizmati xodimi deya tanishtirgan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq sodir etgan jinoyatlari uchun bir necha bor sudlangan shaxs mahalliy fuqarodan 5 ming 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u mazkur fuqaroning tanishiga nisbatan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini, boshqa yengilroq jazo turiga o‘zgartirib berishni va’da qilgan.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokatlik firmasi advokati ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 2511-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha o‘zining himoyasida bo‘lgan fuqaroni, tanishlari orqali jinoiy javobgarlikka tortmaslik masalasini ijobiy hal qilish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyatida qayd etilgan holatda Olmaliq shahar adliya bo‘limi xodimi mahalliy fuqaroni Olmaliq kon metallurgiya kombinatiga ishga kirishida yordam berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan Olmaliq shahridagi maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi ham ushlandi.

Samarqand viloyati Ishtixon tumani irrigatsiya bo‘limining mansabdor xodimi esa mahalliy fermer xo‘jalik rahbariga xo‘jalikning o‘z hisobidan joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi uchun sarflangan mablag‘larning bir qismi davlat tomonidan qoplanishini ma’lum qilib, unga 360 million so‘m miqdorida subsidiya mablag‘i ajratilishida yordam berish evaziga 3 ming 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zA