Bugungi kunda mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari imidjini yaxshilash, jamiyatda aholining eng ishonchli vakiliga aylantirish orqali ijtimoiy mavqeyini oshirish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ammo fuqarolar orasida o‘zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirib, qonunga zid xatti-harakatlari bilan mo‘may daromad orttirishni niyat qilganlar ham uchrab turibdi.
Surxondaryolik 25 yoshli yigit ham ijtimoiy tarmoqda navoiylik ayol bilan tanishadi. Qisqa vaqtda uning ishonchiga kirib, foto va video suratlarini qo‘lga kiritadi. U o‘zini ichki ishlar xodimi ekanligini, formada ishlashini aytib, ayolning suratlarini internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqatish bilan qo‘rqitadi va soxta xodim ayoldan pul talab qiladi.
Ayol dastavval, 250 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha yigit aytgan bank kartasiga tashlab beradi. U esa ayolning ishonuvchanligidan foydalanib, pul talab qilishda davom etadi.
Ayolning murojaatiga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir tashkil etilib, tovlamachilikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi.
– Mazkur holatni sodir etgan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni damda tergov harakatlari olib borilmoqda, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov. – Hurmatli fuqarolar. O‘zini ichki ishlar va yoxud boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi deb tanishtirgan firibgarlarga aldanib qolmang. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishingizni, o‘zingiz tanimagan, bilmagan odamlarga shaxsiy ma’lumotlar, foto va videotasvirlaringizni taqdim etmasligingizni so‘rab qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, agar siz ham ana shunday holatlarga duch kelsangiz yoki xabar topsangiz tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga murojaat qilishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MjDk2i3-yS0" title="Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri