Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Firibgarga qarshi ogohlik — eng kuchli qalqon
15:17 / 2026-02-19

Jizzaxda “Ogoh bo‘ling, firibgar!” shiori ostida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri aholining huquqiy savodxonligini oshirish, jamiyatda firibgarlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Tadbir O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan respublika miqyosida 16–27-fevral kunlari o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli aksiya doirasida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi — fuqarolarni firibgarlikning turli ko‘rinishlari haqida ogohlantirish, aldov mexanizmlarini ochib berish va huquqiy bilimlarni mustahkamlashdir. Ayni kunlarda mahallalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mehnat jamoalarida uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Navbatdagi uchrashuv partiyaning Jizzax viloyat kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida bo‘lib o‘tdi. Unda partiya faollari, mahalliy Kengash deputatlari, viloyat ichki ishlar va adliya boshqarmalari vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirda partiyaning viloyat kengashi raisi Orif Shukurov so‘zga chiqib, bugun firibgarlik jinoyatlarining turi va usullari tobora takomillashayotganini, ayniqsa internet va axborot texnologiyalari orqali amalga oshirilayotgan aldovlar jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi.

– Huquqiy savodxonlik — eng ishonchli himoya vositasi. Qonunni bilgan va ogoh insonni aldash qiyin, — dedi Orif Shukurov. — Firibgarlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasida emas. Bu — butun jamiyat, har birimizning birgalikdagi mas’uliyatimiz. Ana shunda oramizda aldov qurbonlari kamayadi.

Shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi mas’ul xodimi, kapitan Shohrux Fayzullayev firibgarlikni amalga oshirish mexanizmlarini batafsil sharhladi. Uning ta’kidlashicha, bunday jinoyatlar aksariyat hollarda oldindan puxta rejalashtiriladi va kuchli psixologik ta’sir orqali sodir etiladi.

Jinoyatchilar o‘zini bank xodimi, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili yoki yaqin tanish sifatida tanishtirib, fuqaroni shoshilinch qaror qabul qilishga majbur etadi. “Hisobingizdan pul yechilmoqda”, “Nomingizga kredit rasmiylashtirilmoqda” kabi qo‘rquv uyg‘otuvchi xabarlar orqali inson sarosimaga tushirilib, uning shaxsiy ma’lumotlari qo‘lga kiritiladi.

Viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Shuhrat Sulaymonov esa firibgarlik holatlarida murojaat qilish tartibi, ariza va shikoyatlarni rasmiylashtirish jarayonlari haqida tushuntirish berdi. Internetda arzon narxda taklif etilayotgan tovarlar, “oson daromad” va “tez boyish” va’dalari ortida aksariyat hollarda aldov sxemalari yashirin bo‘lishi mumkinligi aniq misollar bilan izohlandi.

– Bunday targ‘ibot tadbirlari yoshlarda huquqiy ong va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytiradi, jamiyatda firibgarlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantiradi. Asosiy maqsadimiz — ayniqsa yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish edi va bunga ushbu  tadbirlarimiz orqali ma’lum darajada erishayapmiz deb o‘ylayman, — dedi partiya viloyat kengashi matbuot kotibi Shahnoza Soatova.

Tadbir yakunida ishtirokchilar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Uchrashuv davomida yana bir haqiqat oydinlashdi: firibgarlikka qarshi kurashishda eng samarali yo‘l — jinoyat sodir etilgandan keyin jazo berish emas, balki uning oldini olishdir. Ogohlik va huquqiy bilim esa bu boradagi eng mustahkam qalqondir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri