Imtiyozli kredit mablag‘larini olib berish evaziga tamagirlik qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi TQB JQB hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Natijada Buxoro shahar A.Donish mahallasida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. ismli shaxs boshqa bir fuqaro A.U. ni aldab, ishonchini suiiste’mol qilgan. Unga bank tizimida ishlovchi vakolatli tanishlari orqali baliqchilik faoliyatini rivojlantirish uchun 30 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini olib berishni va’da qilgan. Buxoro shahar “Gazli shoh” ko‘chasida joylashgan avtosalon oldida kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA