Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Firibgar qo‘lga olindi
09:32 / 2023-09-23

Buxoroda ayolning fotosuratlariga maxsus dastur yordamida qayta ishlov berib, tarqatish bilan qo‘rqitib, undan pul talab qilgan kibertovlamachi qo‘lga olindi. Bu haqida Kiberxavfsizlik markazi Buxoro viloyati bo‘limi ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi 35 yoshli ayol fuqaro K.Z. bo‘linmaga ariza bilan murojaat qiladi. Murojaatida “Telegram” messenjerida “bilmasvoy” (shartli ravishda shunday deb nomladik) nomli profil egasi uning foto-suratlari va behayo tasvirlarini internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatib yuborish bilan qo‘rqitganligini ma’lum qilgan. Fuqaro K.Z. bunga qarshilik ko‘rsatgach profil egasi ularni tarqatmaslik evaziga pul talab qilgan. 

Murojaat yuzasidan tezkor-qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo‘limi tomonidan tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Natijada ushbu jinoyatni Kogon tumanida yashovchi 19 yoshli fuqaro T.B. sodir etganligi aniqlangan. 

Tergov organlariga fuqarolar T.B., K.Z.lar gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan. 

Aniqlanishicha, fuqaro T.B. o‘z profili orqali yozib, mo‘maygina pul ishlash maqsadida fuqaro K.Z.ning profilidagi fotosuratlariga maxsus dastur yordamida qayta ishlov bergan va yalang‘och holdagi behayo fotosuratlari borligini aytgan. Ushbu behayo fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib, sharmanda qilish bilan uni qo‘rqitgan. Bunday suratlari borligi o‘ziga noma’lum bo‘lsa-da, holatdan cho‘chib qolgan fuqaro K.Z. fuqaro T. B. dan bunday qilmasligini so‘ragan. 

Fuqaro T.B. esa fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yubormaslik evaziga undan 200 AQSH dollari miqdorida pul talab qilgan. U fuqaro K. Z. dan shuncha miqdordagi pullarni avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan biri yaqinidagi bekat oldida olib chiqishni so‘ragan. 

Fuqaro K.Z. uning talabiga ko‘ngan va 2 million 500 ming so‘m miqdordagi pullarni belgilangan joyga olib kelgan. Tezkor tadbir davomida fuqaro T.B. fuqaro K.Z.dan uni qo‘rqitish yo‘li bilan talab qilgan bu pullarni olayotgan vaqtda ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddada aybdorning 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. 

Ayni paytda fuqaro T.B.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Zarif Komilov, O‘zA