Buxoroda AQSHga yuborish uchun viza olib berish hamda ishga joylashtirish evaziga pora talab qilgan ayol ushlandi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahar Navro‘z mahallasida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro G‘.D. ismli ayol boshqa bir fuqaroni aldab, ishonchini suiiste’mol qiladi. Natijada uni AQSHga ishga yuborish uchun vakolatli tanishlari orqali viza olib berish hamda AQSHda yashovchi tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 25 ming AQSH dollari miqdorida pora berishga dalolat qiladi.
Joriy yilning 21 iyun kuni taxminan soat 13:30 larda o‘zi yashab kelayotgan Buxoro shahar Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonida kelishilgan pulning 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro G‘.D. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA