Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Finlyandiyaning O‘zbekiston uchun tayinlangan yangi elchisi janob Ilkka Ryaysyanen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilgan hamkorlik loyihalari, 2021 yilning noyabr oyida Finlyandiyaga amalga oshirilgan tashrif natijalari, kelishuvlarning bugungi kundagi holati muhokama etildi. Shuningdek, Finlyandiya hukumati tomonidan ajratilgan mablag‘lar doirasidagi rejalar, ushbu mamlakat ekspertlarining iyun oyida O‘zbekistonga tashrifiga doir qator masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar avvalida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev yuqori martabali mehmonga inspeksiya faoliyati, xususan ta’lim sifatini oshirish borasida Finlyandiya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, bu borada dunyoning eng ilg‘or tajribalarini o‘rganib, ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ushbu yo‘nalishda Finlyandiya ta’lim tizimini o‘rganish va mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Finlyandiyadagi yetakchi ekspertlar, olimlar va investorlar bilan muzokaralar olib borildi va qator samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur jarayonlarda asosiy e’tibor pedagoglar salohiyatini oshirish, o‘quv dasturlari va darsliklarni mazmunan boyitish, ularga zamonaviy kasblar uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni singdirish, shuningdek, ta’lim jarayonlari uchun muhim bo‘lgan o‘quv-metodik qo‘llanmalarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu tajribalarni o‘rganishda qaysidir tizimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirishga emas, mamlakatimizning o‘ziga xosliklaridan kelib chiqqan holda, tatbiq qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ahamiyatga molikdir.
Elchi Ilkka Ryaysyanen iliq qabul va berilgan batafsil ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirar ekan, hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga hamda ta’lim sohasi bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
– O‘zbekistonning fin ta’lim tizimini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi biz uchun quvonarli holat, – dedi elchi janoblari. – Mamlakatingizda ta’lim tizimi davlat va jamiyat taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning jadal suratlarda davom etayotganini kuzatishdan mamnunmiz. Bu bir tomondan har ikki tomon uchun mamnuniyat hissini yuzaga keltirsa, boshqa tomondan ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bu jarayonlarda esa hamkorlikdagi loyihalarimizni puxta o‘ylangan holda bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz, o‘ylaymanki, barchamiz uchun foydali bo‘ladi.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, o‘tgan yil yakunida Ta’lim inspeksiyasi, Xalq ta’limi va Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasiga binoan fin ta’lim tizimini chuqur o‘rganish maqsadida Finlyandiyaga rasmiy tashrifni amalga oshirgandi.
Tashrif davomida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Finlyandiya milliy ta’lim agentligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.
Mazkur memorandumda ta’limda sifat va amaliyotni rag‘batlantirish maqsadida tizimni rivojlantirish, jumladan, yangi pedagogik usullar, o‘qitish jarayonlari, pedagogik boshqaruv, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, tadqiq etish, baholash va joriy etish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirishni rivojlantirish kabi maqsadlar o‘rin olgan.
Tashrifning ilk amaliy natijalaridan biri sifatida Finlyandiya hukumati tomonidan hamkorlik memorandumida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 million yevro miqdorida mablag‘ ajratildi.
N.Usmonova, O‘zA