Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Finlyandiyalik ekspert: Markaziy Osiyo bilan hamkorlik biz uchun juda muhim
18:31 / 2025-11-19

Toshkentda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Shimoliy kengash” birinchi forumi doirasida Xelsinki universiteti professori, Finlyandiyaning YUNESKO bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Teyvo Teyvonen O‘zbekiston va Shimoliy mamlakatlar hamkorligining ahamiyati xususida fikr bildirdi.

– Mazkur forum Shimoliy mamlakatlar uchun Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonini yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Bizning mintaqa geografik jihatdan nisbatan kichik davlatlardan iborat bo‘lib, integratsiya aksar hollarda norasmiy mexanizmlar orqali amalga oshiriladi. Shu jihatdan Markaziy Osiyoning tajribasi biz uchun qiziq. Qolaversa, bizning modelimiz – ishonch, tenglik va amaliy manfaatga asoslangan integratsiya tajribamiz ham Markaziy Osiyo uchun foydali bo‘lishi mumkin. Mintaqa davlatlari uchun murakkab geosiyosiy sharoit begona emas. Ayni jarayonda Rossiya, Xitoy kabi yirik qo‘shnilar bilan ishlash, ko‘p tomonlama munosabatni samarali yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Xususan, Finlyandiya ham Rossiya bilan chegaradosh davlat sifatida o‘ziga xos geosiyosiy muhitda yashaydi. Demak, o‘zaro o‘rganiladigan jihatlar ko‘p.

Men o‘z lavozimim va kasbim nuqtai nazaridan kelib chiqib aytamanki, ta’lim-fan va ilmiy hamkorlik eng istiqbolli yo‘nalishlarga aylanmoqda. O‘zbekiston, Finlyandiya va butun Shimoliy kengash davlatlari o‘rtasida universitetlararo hamda akademik almashinuv doirasida o‘quv dasturlarini birgalikda amalga oshirish mumkin.

Finlyandiya Prezidentining O‘zbekistonga amaliy tashrifi bu yo‘nalishdagi imkoniyatni yanada kengaytirdi. Men kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ma’ruza qildim. Mazkur oliy o‘quv yurti bilan yangi qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik.

Bu yurtingizga ilk bor kelishim emas. Yaqindagina Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasida ham ishtirok etdim. O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi va ayniqsa bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar muhiti yuksak bahoga loyiq. Bu zaminning jozibasi, mintaqaning geosiyosiy ahamiyatini yanada chuqur his qildim. Mana shunday forumlarda tez-tez ishtirok etish orqali O‘zbekistonni yanada chuqurroq o‘rganishni xohlardim.

O‘zA muxbiri Dilshod Hakimov yozib oldi.