Finlyandiyada vertolyotlar to‘qnashdi
Finlyandiya janubi-g‘arbidagi Eura shahri yaqinida ikki fuqarolik vertolyoti to‘qnashib ketdi.
“AzerTAJ” xabariga ko‘ra, uchoqlar sahnidagi besh kishining hammasi – bir vertolyotda ikki, ikkinchisida uch nafar inson halok bo‘lgan. Marhumlar orasida estoniyalik ikki tadbirkor ham bor.
Hodisa mahalliy vaqt bilan 12:35 atrofida yuz bergan. To‘qnashuvdan so‘ng ikkala vertolyot ham yerga qulagan. Bir odam guvohlik berishicha, bir uchuvchi manyovr qilib, mashinasini boshqa vertolyotga urgach, har ikki uchoq pastga qarab sho‘ng‘igan.
Biri Estoniyada, ikkinchisi Avstriyada ro‘yxatga olingan havo kemalari qoldiqlari bir-biridan taxminan 100 metr masofada topilgan. Tallindan boshlangan parvozning yakuniy manzili Finlyandiyaning Kumo aerodromi edi.
Fojia sabablari o‘rganilmoqda.