Finlyandiyada sun’iy intellekt yordamida eskirgan kiyimlarni yig‘ish va saralashning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli loyiha ishga tushirildi.
“AzerTAJ” xabariga ko‘ra, “Texmat” deb nomlangan yangi mashina kiyim-kechaklarni qayta ishlashni plastik buyumlarni qaytarish kabi oddiy va iste’molchilarga qulaylik qilish uchun mo‘ljallangan. Qurilma taqdim etilgan kiyimlarni sun’iy intellekt, vizual tanib olish va yaqin yillarda Yevropa Ittifoqida majburiy bo‘ladigan raqamli mahsulot pasporti yordamida avtomatik ravishda tahlil qiladi.
Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, mashina buyumni qayta ishlatish va qayta sotish uchun mosligini yoki qayta ishlashga jo‘natish kerakligini aniqlaydi.
Qayta foydalanish uchun mos bo‘lgan buyumlar uchun iste’molchilar moliyaviy mukofot oladilar, uning miqdori kiyimning holati, markasi va materialiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Loyiha butun qit’ada o‘sib borayotgan to‘qimachilik chiqindilari muammosini hal qilishga qaratilgan jarayonning bir qismidir. “Texmat” YeIning yettita davlatidan 14 ta hamkor ishtirok etgan va “Gorizont Yevropa” dasturi tomonidan moliyalashtirilgan umumevropa hamkorligi doirasida ishlab chiqilmoqda. Birinchi mashinalar Finlyandiya va Ispaniyada sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kelajakda ishlab chiquvchilar bunday qurilmalarni Yevropa bo‘ylab savdo markazlari va jamoat joylarida o‘rnatish, to‘qimachilik mahsulotlarini qayta ishlash stavkalarini oshirish va mas’uliyatli iste’molni kundalik hayotning bir qismiga aylantirishga umid qilmoqda.
G.Sattorova, O‘zA