Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida ta’lim sohasiga ilg‘or xorijiy tajribalar asosidagi yangiliklar joriy etilmoqda.
Shu maqsadda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi ko‘magida Xelsinki, Yuvaskula pedagogika universitetlari va Shvetsiyaning Sodertorn universiteti bilan hamkorlikda xalqaro malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Malaka oshirish jarayonida delegatsiyamiz a’zolari ta’lim sohasidagi mutaxassislar ko‘magida maktablar va oliy ta’lim tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ta’lim sifati bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakati sanalgan Finlyandiyada “Maktab bolani mustaqil hayotga o‘rgatishi kerak”, degan tamoyilga rioya etiladi. Shu bois ham finlar orasida “Yo hayotga tayyorlaymiz, yoki – imtihonlarga. Biz birinchisini tanlaymiz”, degan ibora mashhur.
“O‘z hayotiga – o‘zi mas’ul!” shiori fin yoshlarini kelajak sari yetaklaydi. O‘quvchini oddiylikdan murakkablik sari yurishga o‘rgatish, amaliy jihatdan foydali bo‘lgan kasbga yo‘naltirish aynan maktab davridan boshlanadi.
Delegatsiyamiz to‘xtalgan birinchi manzil – bu maktablar bo‘ldi. Qiziq jihati, bu yerda maktab faoliyati 3 yo‘nalishda olib borilar ekan. Villages – bu alohida bo‘limlar (binolar) bo‘lib, ularda 1-2-sinflar alohida, 3-5-sinflar alohida, 6-sinflar alohida va 0-9-sinfgacha maxsus sinflar alohida ta’lim oladigan hududlardir. Bu yerda 90 nafardan 140 nafargacha o‘quvchiga 10 nafar o‘qituvchi va assistent saboq berar ekan.
Finlyandiya ta’limida o‘qishni istagan odam o‘qiydi, degan omil mavjud. Qolaversa, pedagoglar o‘quvchining e’tiborini darsga qaratishga harakat qiladi. Har bir o‘qituvchi o‘zi to‘g‘ri deb bilgan uslubni qo‘llaydi. Turli zamonaviy texnologiyalar asosiga qurilgan dars sifatiga o‘qituvchi javobgar.
Eng yaxshi tizimda ham kamchiliklar bo‘lishi tabiiy hol, albatta. Shuning uchun ham finlar erishilgan yutuqlar bilan chegaralanib qolmay, izlanish, imkoniyat, qat’iy tartib, ishonch va tadqiq har qanday muammoning yechimi, deb biladi.
Maktab ta’limida imtihonlar yo‘q. Nazorat ishlari va oraliq test sinovlari o‘qituvchining tanloviga qarab belgilanadi. Umumta’lim maktabini tugallashda faqat birgina majburiy standart – test o‘tkaziladi. E’tiborlisi, madaniyat, qadriyat, tarbiya tushunchalari har bir pedagog dars mazmunining asosi ekaniga guvoh bo‘ldik.
Finlyandiya va Shvetsiyadagi oliy ta’lim tizimida talabalarga yaratilgan sharoit hamda ularga bilim berishning yangicha yondashuvi va yangicha usullari bizni hayratga soldi. Talabalarda, asosiysi, bir odat shakllangan: dars jarayonlarida oddiy holatdan murakkablikni ko‘ra olish va yaratuvchanlik qobiliyatini ko‘rsata olish lozim.
Xizmat safarimiz mobaynida jahonga mashhur pedagogik ta’limga ixtisoslashgan Xelsinki va Yuvaskula pedagogika universitetlarida ham bo‘ldik. Dars har qanday toifa uchun bir xil tarzda, bir xil uslubda tashkil etilgan. Mustaqil ta’limga e’tibor katta, o‘zlashtira olmayotgan talabaning o‘zi bo‘lmaydi. Ularga turli xildagi stipendiyalar taqdim qilinadi va bitiruvchilar taraqqiy etgan nufuzli kompaniyalardan ish taklifini qo‘lga kiritadi.
Yana bir muhim jihat: baholash dasturlari orqali Finlyandiya ta’lim tizimi dalillar asosida o‘rganib boriladi va ushbu tahliliy ma’lumotlar tinglovchilarga taqdim etiladi. Ma’ruza mashg‘uloti davomida tinglovchilar Finlyandiya va boshqa bir qator davlatlar ta’lim tizimining so‘nggi 20-yillikdagi natijalari va ularning tahlillari bilan tanishdi. Ma’ruza yakunida ta’lim tizimi, jumladan, ushbu tizim sifatini baholab borishning yutuqlari va kamchiliklari, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Universitet kutubxonasi, o‘quv, ilmiy adabiyotlarni saqlash muzeylari, ilmiy nashrlar, monografiyalar, nashriyot va tadqiqot markazlari, shuningdek, talaba-yoshlar va ushbu bazadan foydalanishni istagan fuqarolar uchun beriladigan bepul onlayn ma’lumotlar platformasi mavjud. 2022-yilda universitet olimlari tomonidan 3,5 mingdan ortiq ilmiy resurs yaratilgan bo‘lib, ushbu ma’lumotlarning 80 foizi platformaga joylashtirilgan va undan barcha foydalanishi mumkin.
Finlyandiyada keng foydalaniladigan 5 bosqichli ta’lim dasturi mavjud. Bu muloqot va hamkorlik, o‘rganish va yo‘nalish, ta’lim, jamiyat va o‘zgarish, bilish va tajriba, ilmiy fikrlash va bilimdan tashkil topgan.
Shvetsiyaning Stokgolm shahrida Sodertorn universitetida olib borilgan muzokaralar davomida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va mazkur universitet o‘rtasida pedagog va o‘qituvchilarni tayyorlash sohasida qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Shvetsiyada qisqa malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, Toshkent va Stokgolm shaharlarida qo‘shma konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish hamda boshqa bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida Sodertorn universiteti bilan qator sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Xullas, taassurotlar bir olam. O‘rganilgan tajribalar amalda tatbiq etilsa, ta’lim tizimimizda yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishiga shubha yo‘q.
Zokir Bozorov,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA