Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Finlyandiya ta’lim tajribasini o‘rganish va uni O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar davom etmoqda
15:08 / 2020-11-26

Finlyandiyaning ta’lim tajribasini o‘rganish va uni O‘zbekistonda keng joriy etish bo‘yicha onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Musayev, Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i U.Tashkenbayev, Tashqi ishlar vazirligi, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari mutasaddilari ishtirok etgan bo‘lsa, Finlyandiya tomonidan ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Liivala Marja xonim, Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi ta’lim bo‘yicha elchisi Sall Maryana xonim, Finlyandiya ta’lim va madaniyat vazirligi hamda Milliy ta’lim agentligi mutasaddilari qatnashdi.

Qayd etish kerakki, joriy yilning 30 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limi bo‘yicha ilg‘or davlatlar tajribasini, xususan, Finlyandiya ta’lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlari hamda muvaffaqiyatlarini o‘rganish, mamlakatimiz ta’lim sifatini oshirish, maktablarda o‘quv yuklamasi va darslar sonini qayta ko‘rib chiqish, o‘quvchilarni faqatgina yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish masalasi dolzarblik kasb etib, davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan.  Bu borada Finlyandiyadek ilg‘or davlat bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim ahamiyat kasb etadi.  

– Finlyandiya ta’lim sohasi uchun juda katta mablag‘ ajratadi. Bu jarayonda yuqori malakali o‘qituvchilar muhim ahamiyat kasb etadi. O‘qituvchilik Finlyandiya jamiyatida nufuzli kasblardan biri sanaladi. Yoshlarning juda ko‘pchiligi ushbu kasbni egallashga intiladi. Ta’limga tikilgan mablag‘lar mamlakatni noqulay iqlimiga qaramasdan, nochor davlatdan bilimga asoslangan iqtisodiyotga ega, yashash darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardan biriga aylantirdi, deydi  Finlyandiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Marja Liivala xonim.  

 Qayd etish kerak, mamlakatimiz ta’lim tizimi isloh qilishda davlatimiz rahbari tomonidan aynan Finlyandiya misol qilib ko‘rsatilgani bejizga emas. Ushbu mamlakat ta’lim sifatini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tadqiqotlardagi o‘z muvaffaqiyatlari bilan ajralib turadi. Fin o‘quvchilari ta’lim sifatini baholash bo‘yicha tadqiqotidagi barcha yo‘nalishlarda savodxonlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston vakillarining Finlyandiya ta’lim tizimini joyiga borgan holda o‘rganish, bu borada yaqindan hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi tajribasini o‘rganish bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Fin tajribasini O‘zbekistonda joriy qilish bo‘yicha fin mutaxassislari va Finlyandiyadagi faol vatandoshlarimizdan iborat ekspert guruhini tashkil etish va ular bilan hamkorlik o‘rnatish 2020 yil dekabr – 2021 yil fevral oylarida amalga oshiriladi.

Bunda O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi ko‘magida guruhga kiritish uchun Finlyandiyadagi vatandoshlarimiz ro‘yxati shakllantiriladi, ekspert guruhi a’zolarining O‘zbekiston ta’lim tizimi boshqaruv organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.