Finlyandiya taʼlim tizimi asosida kadrlar tayyorlash masalasi muhokama qilindi
Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi, “Finest Future” kompaniyasi, yevropalik tadbirkor Piter Vesterbaka mazkur dastur hamkorlari hisoblanadi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Tashqi ishlar vazirligi hamda Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti vakillari oʻrtasida malakali mutaxassislar tayyorlash masalasi muhokamasiga bagʻishlangan videomuloqot boʻlib oʻtdi.
Muzokaralarda tomonlar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mazkur oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ikki tomonlama diplom beruvchi qoʻshma taʼlim dasturini joriy qilish boʻyicha kelishuvga erishdi. Unga koʻra, 2021-yil yanvar oyidan Turku amaliy fanlar universitetiga dastlabki qabul boshlanishi rejalashtirilgan.
Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi, “Finest Future” kompaniyasi, yevropalik tadbirkor Piter Vesterbaka mazkur dastur hamkorlari hisoblanadi. Dasturni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yaqindan koʻmak bermoqda.
Dastur ishtirokchilari dastlabki 1 yil Oʻzbekistonda va keyingi 3 yil Finlyandiyada taʼlim oladi. Shu bilan birga, oʻqish davrida Finlyandiya kompaniyalarida amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻladi. Ushbu dasturni tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasi boʻyicha Finlyandiya kompaniyalariga ishga qabul qilinishi belgilangan.
Dastlabki kelishuvlarga koʻra, qoʻshma taʼlim dasturi bakalavriat bosqichida “Dasturiy mahandislik va tadbirkorlik” hamda “Biznes axborot texnologiyalari va tadbirkorlik” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan.