Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb fikricha, sovuq urushdan keyingi dunyo tartibi tugadi va yangisi hali o‘rnatilgani yo‘q.
– Men “Sovuq urush” davridan keyingi tartib tugaganiga aminman, – dedi u BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida. – Afsuski, yangi tartib qanday bo‘lishini hali bilmaymiz. Hammasi joyiga tushishi uchun kamida besh-o‘n yil kerak. Hozirgi dunyodagi kuchlar muvozanati janub va sharq tomon siljimoqda xususan, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi ko‘pgina davlatlar siyosiy yo‘nalishni belgilashda asosiy vositachiga aylanmoqda yoki aylanib bo‘ldi. “Ko‘p tomonlilik”ni targ‘ib qiluvchilar va “ko‘p qutblilik yoki tranzaksiya tili”da so‘zlashuvchilar o‘rtasidagi ziddiyat kuchaymoqda. Men bunday tizim tarafdorlarining vasvasasi va mantig‘ini tushunaman. Faqat ular iqlim o‘zgarishi yoki barqaror rivojlanish kabi dunyoviy global muammolarni hal qila olarmikan? Qadriyatlar hamma narsaning asosi bo‘lishi kerak. Hatto, tranzaksion yoki ko‘p vektorli tashqi siyosat ham asosiy qadriyatlar o‘zagiga tayanishi kerak. Busiz tashqi siyosat oxir-oqibat devorga uriladi.
Shuningdek, Stubb mas’ullarni BMT XK doimiy a’zolari sonini ko‘paytirish, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlari uchun qo‘shimcha o‘rin ajratishga chaqirdi:
– Kamida ikkitadan yangi o‘rin Osiyo va Afrika, bir mandat Lotin Amerikasiga berilishi kerak. Hozirgi tarkib ko‘p jihatdan 1945 yilgi dunyoga mos, hozirgi kuchlar muvozanati mavjud voqelikni yetarli aks ettirmaydi. Dunyo keskin o‘zgargan, Demak, BMTda qaror qabul qilish tartibi ham qayta shakllantirilishi shart.
Shuningdek, Finlyandiya yetakchisi veto qo‘yish tartibi bekor qilinishi, BMT Nizomini buzgan XK a’zosi ovoz berish huquqidan mahrum etilishi lozimligi to‘g‘risidagi taklifni ham ilgari surdi.
S.Rahimov, O‘zA