Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Finlyandiya bilan ta’lim sohasida hamkorlik yanada kuchaytiriladi
08:52 / 2022-05-29

Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti bosh direktori Mariya Liivala boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Mazkur tashrif doirasida joriy yilning 28 may kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, tegishli boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda Finlyandiya tashqi ishlar vazirligining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bilan hamkorlik departamenti boshlig‘i Mariya Liivala, departament maslahatchisi Anssi Leino, Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bilan hamkorlik departamenti bo‘lim boshlig‘i Sirpa Oksanen, Rivojlanish siyosati guruhi rahbari Matti Vaananen, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ilkka Ryaysyanen, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi elchisi yordamchisi Xayni Laukkanen, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayevlar ishtirok etishdi.

Uchrashuv kun tartibidan Finlyandiya bilan ta’lim yo‘nalishidagi amalga oshirilayotgan hamkorliklar, xususan, oliy ta’lim muassasalarida pedagoglarni tayyorlash, o‘quv dasturlari, darsliklarni takomillashtirish, bu jarayonlarga tajribali ekspertlarni jalb qilish, professional ta’limni rivojlantirish, shuningdek, Samarqand davlat universiteti qoshida O‘zbek-fin pedagogika instituti va Qo‘qon universiteti bilan amalga oshirilayotgan loyihalar istiqbollariga doir qator masalalar o‘rin oldi.

Muhokamalar avvalida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i xorijlik hamkorlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mazkur tashrif mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

«2020 yil oktyabr oyida Prezidentimiz ko‘rsatmalariga binoan Finlyandiya ta’lim tajribasini o‘rganish boshlangan bo‘lsa, hamkorligimiz qisqa fursatlar ichida yaxshi samara bera boshladi.

Finlyandiya umumiy o‘rta (tayanch) ma’lumot olish uchun davlat majburiy ta’lim dasturi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, izchillik bilan o‘rganilmoqda. Fin ekspertlari ishtirokida O‘zbekistonlik ta’lim sohasi vakillari uchun doimiy tarzda onlayn seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.

Hamkorlikning ilk natijalari pandemiya sababli onlayn uchrashuvlar hamda keng ko‘lamli o‘quv seminarlaridan boshlangan bo‘lib, unda Finlyandiya ta’lim va madaniyat vazirligi tomonidan 10 dan ortiq onlayn seminarlar o‘tkazilmoqda. Natijada, 1 000 nafardan ortiq ta’lim sohasi mutaxassislari va pedagoglarning malakasi oshirildi.

Matematikani o‘qitish bo‘yicha fin metodikasi Skillgrower dasturi yordamida respublikadagi barcha o‘quvchilar foydalanishi yo‘lga qo‘yildi va o‘quvchilarimizning matematik savodxonligi yaxshilanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Jumladan, Qo‘qon universiteti va Kareliya universiteti o‘rtasida, Navoiy va Lappenranta shaharlari maktablari o‘rtasida akademik mobillik natijasida 5 nafar talaba, 8 nafar o‘quvchi Finlyandiyada tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Xususan, o‘qituvchilarni kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha treninglar davom etmoqda. 15-19 may kunlari finlyandiyalik tajribali trenerlar tomonidan Navoiy viloyatidagi 50 nafar o‘qituvchi malakasi oshirildi. Ushbu trenerlar tomonidan o‘qituvchilar tayyorgarlik holatiga tashxis qo‘yildi va o‘qituvchilar mahoratini oshirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilmoqda.

Ta’lim inspeksiyasi va Finlyandiya milliy ta’lim agentligi o‘rtasida ta’lim tizimini takomillashtirish, pedagoglarni tayyorlash sohalarida hamkorlikni nazarda tutuvchi Anglashuv memorandumi imzolandi.  

«Ta’lim sohasidagi hamkorligimiz 2 yil avval men hali elchi bo‘lib ishlab yurgan paytimda boshlangan bo‘lsa, to‘g‘risi bunday samarali bo‘lishini kutmagan edim. O‘ylaymanki, kelgusidagi hamkorlikda ham shu ruhda davom ettira olamiz.

Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan ta’lim sohasi bo‘yicha hamkorlik loyihamiz orqali bugungi uchrashuvda muhokama qilingan, o‘qituvchilarni malakasini oshirish, o‘quv dasturlari va darsliklarni takomillashtirish va boshqa rejalarni amalga oshiramiz deb o‘ylayman», dedi Mariya Liivala.

Yakunda tomonlar belgilangan reja bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olishdi.



O‘zA