Finlandiya agar arizasi Anqara va Budapesht tomonidan ratifikatsiya qilinsa Shvetsiyasiz NATOga a’zo bo‘lishga tayyor, deb yozmoqda IltaLehti gazetasi manbalarga tayanib.
"Agar bahorda Turkiya va Vengriya Finlandiyaning a’zoligini ratifikatsiya qilib, biroq Shvetsiyani ratifikatsiya qilmasa shunday vaziyat paydo bo‘ladi", – deyiladi xabarda.
Bu xabarni tashqi siyosat va xavfsizlik sohasi vakili nashrga ma’lum qilgani aytilmoqda.
"Ushbu fakt inobatga olinishi kerak: biz Rossiyaning chegaradosh qo‘shnisimiz. Shvetsiyaning geosiyosiy holati biznikidan keskin farq qiladi", – deyiladi manbalardan birining izohida.
Shvetsiya va Finlandiya o‘tgan yilning may oyida, ya’ni Ukraina mojarolari boshlangandan keyin NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilgan edi. Ularning arizasini alyansga a’zo 30 ta mamlakatning 28 tasi ma’qulladi, faqat Vengriya va Turkiya qarshi chiqdi. Anqara Stokgolm bilan Xelsinkidan o‘tgan yozda uch tomonlama imzolangan memorandumda ko‘rsatilgan talablarni bajarishni kutmoqda.
Turkiya Shvetsiya va Finlandiyadan Kurdiston ishchi partiyasini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni va terrorizmga aloqador faollarini Turkiyaga berishni talab qilib kelmoqda.