Finlyandiyalik talabalar Samarqandda
2023-yil oktyabrda O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova Finlyandiya davlatiga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning oliy ta’lim muassasalari bilan dastlabki hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan edi.
Kuni kecha Finlyandiyaning o‘n ikkita oliy ta’lim muassasasidan 20 dan ziyod professor-o‘qituvchi va talabalar o‘zaro hamkorlik asosida Samarqanddagi nufuzli pedagogika instituti bilan tanishish, hamkorlikni kengaytirish maqsadida yurtimizga keldi.

Mazkur tashrif doirasida dastlab oliygoh rektori Shahzoda Negmatova mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Hamkorlikda tashkil etilishi kutilayotgan “Fin tilini o‘qitish markazi”da finlyandiyalik professor-o‘qituvchilar, ayniqsa, yosh talabalarning ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.

Finlyandiyaning ta’limdagi yutuqlari bosqichma-bosqich institutda ham tatbiq etilayotgani to‘g‘risida video va taqdimotlar orqali ma’lumot berildi. O‘zaro muloqot davomida kelgusida amalga oshirish mumkin bo‘lgan loyihalar muhokama qilindi.
– Samarqand shahri menda ajoyib taassurot qoldirdi, – dedi Helsinki universiteti professori, delegatsiya rahbari Sirke Makinen. – Ushbu ko‘hna maskanda mamlakatimiz bilan birgalikda ochilgan pedagogika instituti biz uchun katta yangilik bo‘ldi. Biz institut rahbari bilan ko‘p masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdik. Ularning maqsadlari katta. O‘ylaymanki, ta’limdagi bu jonbozlik tez orada o‘z samarasini beradi.

Qayd etish joiz, ayni kunlarda yurtimizda o‘tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “O‘zbekiston – Finlyandiya bog‘i”ning ilk nihollari finlyandiyalik yoshlar bilan birgalikda ekildi.

– Registon maydonini ko‘rish orzuim edi, bugun u amalga oshdi, – deydi Helsinki universiteti talabasi Rauhama Regina. – O‘zbekistonning chiroyli tabiati, buyuk tarixi meni hayratda qoldirdi. Bu haqda internetda o‘qigandim, lekin bugun ko‘zlarim bilan ko‘rib tushundimki, ushbu mamlakatga tez-tez kelib turish kerak ekan. Biz bugun institutda yangi tashkil etilayotgan «Fin tilini o‘qitish markazi» haqida eshitdik. Albatta, bu juda ajoyib va manfaatli qadam bo‘lar edi. Biz kursdoshlarimiz bilan mazkur loyihaga yordam berishga tayyormiz.

Uchrashuv yakunida mehmonlar uchun maxsus konsert dasturi tashkil etildi, shuningdek, ularga esdalik sovg‘alari tuhfa qilindi.
O‘zA