Filippin davlatida yuz bergan suv toshqini oqibatida 50 dan ziyod kishi halok bo‘lgan, taqdiri noma’lum insonlarni qidirish davom etyapti.
«RIA Novosti» xabariga ko‘ra, mazkur tabiiy ofat tufayli hayotdan ko‘z yumgani aniqlanganlar ro‘yxatida hozircha 51 fuqaroning nomi qayd etilgan. Hukumatdagi manbaga tayanib, 19 inson bedarakligi aytilgan.
Avvalroq 44 nafar qurbon haqida ma’lum qilingandi. Filippinda suv toshishi natijasida 4,5 ming xonadon zarar ko‘rgan, sel yo‘lidan chiqqan uylarning 843 tasi butunlay yaroqsiz holga keldi.
Axborotda keltirilishicha, baxtsiz hodisadan eng ko‘p mamlakat janubidagi Shimoliy Mindanao mintaqasi zarar ko‘rgan. Bedarak yo‘qolganlar orasida qayig‘i ag‘darilib ketgan baliqchilar ham bor.
Shu kunlarda Filippinning sharqiy, markaziy va janubiy qismida suv toshqinlari kuzatilmoqda. Ayni payt jami 22 shahar va munitsipalitetda faqulodda holat e’lon qilingan. Bir necha tumanda energiya va suv ta’minoti bilan bog‘liq uzilish kuzatildi.
Jabrlangan hududlar aholisiga davlat tomonidan oziq-ovqat, eng zarur buyum va mahsulotlar yetkazib berilyapti.