Filippinda dengizga mazut oqib ketishi oqibatida 100 ming kishi jabr ko‘rgan
Filippinning Sharqiy Mindoro provinsiyasi sohillarida tankerning cho‘kib ketishi oqibatida katta miqdorda sanoat mazuti dengizga oqib tushgan. Natijada qariyb 100 ming kishi jabrlangan, deya ma’lum qilgan mazkur provinsiya gubernatori Xumerlito Dolor jurnalistlarga. Sinxua agentligining yozishicha, 122 kishi kasallangan.
Ayni paytda mazutning suv yuzasiga tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq taxminan 800 ming litr sanoat mazuti ortgan MT Princess Empress tankeri 28 fevralda Filippin sohilida cho‘kib ketgani haqida xabar tarqatilgan edi.
Gubernator Dolorning mahalliy radioga ma’lum qilishicha, provinsiyada 122 kishi sog‘lig‘idan shikoyat qilib murojaat qilgan. Tanker halokatidan sohil yaqinida joylashgan Pola shahri aholisi, ayniqsa, ko‘p zarar ko‘rgan. Butun sohil bo‘yini mazut qoplagani bois dengiz jonivorlari nobud bo‘lib, suv o‘tlari katta ziyon ko‘rgani aytilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazut oqimi mamlakatning boshqa hududlariga ham yetib borishi mumkin.