Filippin seysmologiya agentligi mamlakat janubida 7,4 magnitudali kuchli zilzila yuz berganini ma’lum qildi. Xabarlarga ko‘ra, o‘lkada sunami xavfi e’lon qilingan. Dengizdagi ulkan to‘lqinlar zilzila epitsentridan 300 km masofadagi sohil hududlariga yopirilishi mumkin.
Fuqaro mudofaasi vakili Raffi Alexandro tabiiy ofat natijasida kamida bir kishi halok bo‘lganini ta’kidladi.

Filippin prezidenti Bongbong Markos xavfli hududlardagi aholining evakuatsiyasini tashkil etishga ko‘rsatma bergan.
– Biz hududdagi har bir kishiga yordam yetib borishi uchun tinmay ishlayapmiz, -dedi u o‘z bayonotida.

Zilzila markaziga yaqin joylashgan Manay shahrining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mutaxassisi Richi Diun aytishicha, yer silkinishi 30-40 soniya davom etgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi aholi uylari zarar ko‘rgan, yo‘llarda yoriqlar paydo bo‘lgan va ayrim ko‘priklar o‘tib bo‘lmas holatga kelgan.

Ma’lumki, ushbu davlat Tinch okeanidagi “Olov halqasi”da joylashgan bo‘lib, bu yerda har yili 800 dan ortiq zilzila ro‘y beradi.
Ushbu voqea Filippinda o‘n yildan ortiq vaqt ichidagi eng halokatli yer silkinishi sodir bo‘lganidan ikki hafta o‘tib yuz berdi. O‘shanda 6,9 magnitudali zilzilada Sebu orolida 74 kishi halok bo‘lgan edi.
O‘.Alimov, O‘zA