Respublika Shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filiali kardiolog-aritmolog mutaxassislari tomonidan “Ochiq eshiklar” kuni o‘tkazildi. Unda yurak qon tomir kasalliklariga ayniqsa, aritmologik kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar qatnashdi.
Qabulga o‘nlab yurak ritmida o‘zgarishlar mavjud bo‘lgan bemorlar qatnashib, sog‘ligida bo‘lgan muammolarni mutaxassislar bilan o‘rtoqlashdi. Kelgan bemorlardan birida (bemor ayol D.X. 46 yoshda) yurakning tez-tez urishi, nafas yetishmovchiligi, qo‘l-oyoqlarda harakatning cheklanishi va bu holat oxirgi bir oyda bir necha marotaba kuzatilayotganligi, shuningdek, yurak ritmining defibrilyator orqaligina tiklanayotganligi bo‘yicha murojaat qildi.

Ikkinchi bemor esa (bemor ayol Sh.A. 61 yoshda) yurakning to‘xtab-to‘xtab urishi, tomoqqa tiqilish holatini sezishi, ko‘z oldi qorong‘ilashish va vaqt-vaqti bilan qisqa muddatli hushini yo‘qotish holatlari kuzatilishi bilan murojaat qildi.

Bemorlar va ularning yaqinlariga kuzatilayotgan mazkur holatlarda “Kam invaziv, kesmalarsiz, mahalliy og‘riqsizlantirish orqali yurakda elektrofiziologik tekshirish usuli” to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berildi. Ushbu usulni ularga qo‘llanishi tavsiya qilindi.
Bemorlarning roziligi bilan mazkur amaliyot turi muvaffaqiyatli bajarildi. Hozirda bemorlarni umumiy ahvoli va yurak ritmik urishlari me’yoriy holatda ekanligi qayd qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.