Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filialida “Hamshira-2024” ko‘rik- tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov tasdiqlangan nizom shartlari asosida o‘tkazildi. Unda hamshiralarning mahorati murojaat qilgan bemorlarni qabul qilish, ahvolini aniqlash va tibbiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy – siyosiy bilimlarga oid shartlar bo‘yicha baholandi.

Hakamlar hay’ati tomonidan 9 nafar ko‘rik-tanlov ishtirokchisining har bir shartga bergan javobiga ahamiyat berildi.

Bahsli va munozarali o‘tgan ko‘rik-tanlov yakuniga ko‘ra, filialning diagnostika bo‘limi hamshirasi Nodira Latipova 118 ball bilan tanlov g‘olibi deb topildi. 2-o‘rin 108 ball to‘plagan shoshilinch travmatologiya bo‘limi hamshirasi Munisa Ziyoviddinova va 3-o‘rin 107 ballga ega bo‘lgan 1-shoshilinch xirurgiya bo‘limi hamshirasi Mohidil Asadovalarga nasib etdi.

Ko‘rik- tanlov qatnashchilarini filial direktori M.Rajabov tabrikladi. Ularga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Ko‘rik-tanlovda birinchi o‘rinni egallagan g‘olib viloyat miqyosida bo‘lib o‘tadigan mazkur tanlovda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri