English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fijital sport yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
11:04 / 2024-02-23

O‘zbekiston Xalqaro fijital sport federatsiyasi bilan memorandum imzolagan birinchi davlat bo‘ldi.

Qozon shahrida o‘tayotgan “Kelajak o‘yinlari” sport musobaqalari doirasida O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari o‘zaro hamkorlik aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim kelishuvlarga erishmoqda.  

O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov va O‘zbekiston fijital sport federatsiyasi raisi Oleg Pekos boshchiligidagi mutasaddilar Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko hamda Xalqaro fijital sport federatsiyasi prezidenti Rene Fazel bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.  

Muloqot chog‘ida Dmitriy Chernishenko O‘zbekistonda fijital sport federatsiyasining tashkil etilganini alohida ta’kidlab, Rossiya – O‘zbekiston sport jamoalarining hamkorlik aloqalarida yangi yo‘nalish paydo bo‘lganini, bu istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Xalqaro fijital sport federatsiyasi prezidenti Rene Fazel kelgusi rejalar va yangi loyihalar xususida ma’lumot berdi.  

Uchrashuvda Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, O‘zbekiston sport infratuzilmasining istiqboli haqida so‘z yuritib, poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasining imkoniyatlari xususida ma’lumot berib o‘tdi. O‘zbekiston fijital sport federatsiyasi raisi Oleg Pekos O‘zbekiston tomoni sport olamidagi bunday yangi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdan mamnun ekanini, yangi sport yo‘nalishida ishlar jadal boshlab yuborilganini bildirib o‘tdi.  

Shundan so‘ng Xalqaro va O‘zbekiston fijital sport federatsiyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.  

T. Ro‘ziyev, O‘zA