Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FIFA referisi Ravshan Ermatov «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi
18:40 / 2014-07-25

Nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan hamyurtlarimiz el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lib, ular munosib rag‘batlantirilmoqda.

2014-yilning 12-iyun-13-iyul kunlari Braziliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov ishtirok etib, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi shon-shuhratini yanada yuksaltirishga, xalqimizning kuch-qudrati va salohiyatini namoyon etishga munosib hissa qo‘shdi.

Nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan hamyurtlarimiz el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lib, ular munosib rag‘batlantirilmoqda. 

Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 25-iyuldagi farmoniga muvofiq xalqaro maydonda mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, o‘zbek futbolining nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish ishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.

Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida 25-iyul kuni xalqaro toifadagi hakamni sharaflashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda FIFA referisi Ravshan Ermatovga Vatanimizning yuksak mukofoti – “El-yurt hurmati” ordeni hamda Prezidentimiz sovg‘asi – “Malibu” avtomobili tantanali ravishda topshirildi. 

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan istiqlol yillarida tarixiy adolat tiklandi, xalqimizning asriy orzusi – ozodligi, erkinligi o‘z qo‘liga o‘tdi, tinch-osoyishta, farovon hayot kechirish, bugunidan mamnun bo‘lib yashashiga imkon yaratildi, ertangi kuniga ishonchi mustahkamlandi.

Mamlakatimiz dunyoning rivojlangan davlatlari qatorida e’tirof etilayotgani bejiz emas. Zero, tinchlik-osoyishtalik, adolat hukmron, inson manfaatlari, uning huquq va erkinliklari ta’minlangan mamlakatgina qisqa fursat ichida ana shunday misli ko‘rilmagan natijalarga erisha oladi. 

Prezidentimiz rahnamoligida hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar avvalo inson manfaatlari, xalqimizning ezgu orzu-istaklari ro‘yobiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni jismoniy va ma’naviy yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘zining yuksak samaralarini berayotir. 

Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi tiklandi, ular bugungi kunda avlodlarning tafakkurida, ongu shuurida, xislatlariyu fazilatlarida namoyon bo‘lmoqda. 

Sohibqiron Amir Temur saltanatida axloqiy va ma’naviy mezonga aylangan “Kuch – adolatdadir” shiorining hayotimizdan chuqur joy olgani, har qanday sharoitda adolat, halollik, vatanparvarlik, olijanoblik va bag‘rikenglik bilan ish tutish o‘zbek o‘g‘loni Ravshan Ermatov siymosida butun dunyoga yana bir bor namoyon bo‘ldi. 

– Kamtarona mehnatlarimni Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlagan Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik izhor etaman. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik kelgusida yanada yuksak marralar sari rag‘batlantiradi, – deydi Ravshan Ermatov. – Jahon chempionatida biz ne-ne ulug‘ allomayu mutafakkirlarga beshik bo‘lgan buyuk yurt farzandlari ekanimizni, biz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni isbotlashni maqsad qilgandik va bu ezgu maqsadimizga yetishganimizdan xursandmiz. Uchrashuvlarni xatosiz boshqarishimizda xalqimiz, millionlab o‘zbekistonlik futbol muxlislarining ishonchini oqlash mas’uliyati bizga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. 

Braziliyada o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatini milliardlab muxlislar tomosha qildi. Ular orasida sayyoramizning barcha mintaqalari vakillari bor. Ular musobaqani “O‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov boshqaradi”, degan so‘zlarni turli tillarda eshitdi. Demak, ular yana bir karra O‘zbekiston, o‘zbek xalqi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi. Iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat va san’at hamda boshqa sohalarda dunyoga dong taratayotgan jonajon Vatanimiz sportning eng ommaviy turi bo‘lgan futbol sohasida ham jahon uzra shuhrat qozondi. Zero, futbol o‘ynash qanchalar og‘ir, mashaqqatli bo‘lsa, unga hakamlik qilish, boz ustiga jahon chempionati o‘yinlariga hakamlik qilish, dunyoning manaman degan jamoalarining futbolchilarini boshqarish, ularning har bir harakatiga vaqtida, bexato, adolatli baho berish – qaror chiqarish shunchalar qiyin va mas’uliyatlidir. Ana shunday o‘ta og‘ir mas’uliyatni o‘zbek o‘g‘loni sharaf bilan bajargani hammamizning qalbimizni g‘urur-iftixorga to‘ldiradi. 

Endi ayting, agar yurtimiz mustaqil bo‘lmaganida, Prezidentimiz tomonidan sportga, sportchilarga shunchalar e’tibor qaratilmaganida bunday yutuqlar bo‘larmidi?! Tasavvur ham qilib bo‘lmasdi! Bir paytlar bizga mensimay, past nazar bilan qaraganlar endi “O‘zbekiston hakamlar maktabidan o‘rganish kerak”, deb yozmoqda. Demak, tan olishga, e’tirof etishga majbur bo‘lmoqda. Demak, haqiqat, adolat qaror topmoqda. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. 

2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarda hakamlik qilib kelayotgan Ravshan Ermatovning Braziliya yashil maydonlarida kechgan shiddatli va murosasiz uchrashuvlarni boshqarishdagi yuksak mahorati, adolat prinsiplariga qat’iy amal qilish, har qanday murakkab vaziyatda ham tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qila olish, futbolchilarning ruhiy holatini yaxshi tushunish kabi yuksak professional va insoniy fazilatlari xalqaro sport jamoatchiligi, muxlislar, mutaxassislar tomonidan keng e’tirof etilmoqda. 

R.Ermatov futbol bo‘yicha deyarli barcha nufuzli musobaqalarni – 2007 va 2009-yillarda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon birinchiliklari, 2008 va 2011-yillarda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlari finali, 2010-yilgi jahon chempionati, 2011-yilgi Osiyo kubogi finali, 2012-yili XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarining futbol uchrashuvlari, 2013-yilda esa Braziliyada o‘tgan konfederatsiyalar kubogi bahslarini boshqargan.

Uning 2010-yili Janubiy Afrika Respublikasi va joriy yilda Braziliyada o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatlarida ketma-ket ishtirok etishi o‘zbek futbolining, butun O‘zbekiston sportining ulkan yutug‘i bo‘ldi. 2010-yilgi mundialning ochilish marosimi va yana to‘rtta uchrashuvni a’lo darajada boshqarib, dunyoning manaman degan davlatlariga O‘zbekiston sportchilarining salohiyati va qudratini namoyon eta oldi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 20-iyuldagi farmoniga muvofiq o‘zbek futbolining shuhratini jahonga tanitish, xalqaro maydonda uning nufuzini yuksaltirishda ibrat va namuna ko‘rsatgani, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish ishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Ravshan Ermatov “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

R.Ermatov Osiyoning “Eng yaxshi hakam” nominatsiyasida ketma-ket to‘rt marotaba g‘olib bo‘lgan qit’amizdagi birinchi va hozircha yagona futbol hakamidir. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011-yilda jahonning eng yaxshi hakami, deb e’tirof etdi. O‘zbek farzandining dunyoning tengsiz hakami bo‘lgani futbol tarixida rekord sifatida qayd etilgan. Mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni odilona va yuqori saviyada boshqarib kelayotgan hamyurtimiz 2013-yil yakunlari bo‘yicha ham dunyoning eng kuchli hakamlari reytingining yuqori pog‘onalaridan joy oldi. 

Tadbirda o‘zbek hakamining bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimiz mustaqilligi va Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan sportni, xususan, futboolni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy samarasi ekani alohida ta’kidlandi. 

Davlatimiz rahbari rahnamoligida yoshlarimizning o‘z aql-zakovati, iste’dodini to‘la namoyon etishi, mahoratini muttasil oshirib borishi, yuksak ma’naviyatli, barkamol insonlar sifatida kamolga yetishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Buning samarasida yurtimizning barcha hududlarida aholining, ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, millionlar o‘yini – futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotir. Prezidentimizning 2006-yil 1-maydagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” va 2011-yil 19-yanvardagi “2011-2013-yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari o‘zbek futboli taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tardi. 

Keyingi yillarda mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar futboli tubdan isloh qilindi. Futbol bo‘yicha bolalar va o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashgan maktab-internatlari va futbol akademiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda, jahon talablariga javob beradigan zamonaviy futbol stadionlari barpo etilmoqda, mavjudlari qayta rekonstruksiya qilinmoqda, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilishga qodir futbolchilarni tarbiyalash, malakali murabbiy va hakamlar tayyorlashni yanada kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek futboli katta yutuqlarga erishdi. O‘tgan yillar davomida yosh futbolchilarimiz Meksika, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Eron kabi davlatlarda o‘tkazilgan jahon va Osiyo chempionatlarida munosib ishtirok etdi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi FIFAning “Fair Play” (halol o‘yin) sovrini bilan taqdirlandi.

FIFA referisi Ravshan Ermatovning ketma-ket ikkita jahon chempionatida hakamlik qilgani ham ana shu e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi. 

Braziliya maydonlarida o‘tkazilgan jahon chempionatida Yevropadan to‘qqizta, Janubiy Amerikadan beshta, Osiyodan to‘rtta, Afrika va Shimoliy Amerikadan uchtadan, Okeaniya mintaqasidan bitta hakamlar brigadasi ishtirok etdi. Ravshan Ermatov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Boltiqbo‘yi mamlakatlari vakillari orasida ushbu jahon chempionatiga jalb etilgan yagona bosh hakam bo‘ldi. 

Nufuzli musobaqada Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi jami to‘rtta uchrashuvni – guruh bosqichida Shveytsariya – Ekvador, AQSh – Germaniya va Meksika – Xorvatiya, chorak finalda Gollandiya – Kosta-Rika terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarni yuqori saviyada boshqardi. R.Ermatov hakamlik faoliyati davomida jahon chempionatlari final bosqichida eng ko‘p – 9 uchrashuv boshqarib, dunyo rekordini o‘rnatdi.

– Xalqaro maydonlarda Vatan sharafini himoya qilish, uning obro‘sini yuksaltirish katta baxt, – deydi Ravshan Ermatov. – Futbol olamining eng nufuzli musobaqasi – jahon chempionatida O‘zbekiston nomidan qatnashganimizdan faxrlanamiz. Xalqaro maydondagi bunday muvaffaqiyatimiz zamirida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassamdir. 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston xalq shoirlari Iqbol Mirzo, Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni Ruslan Nuruddinov va boshqalar mamlakatimizda sportni rivojlantirish va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatayotgan ulkan e’tibori uchun Prezidentimiz Islom Karimovga minnatdorlik izhor etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.