Paragvay poytaxti Asunsion shahrida o‘tkazilgan FIFAning 75-Kongressida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari ham ishtirok etdi.
Kongressda FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi, Etika, Apellyatsiya, Boshqaruv, Audit va Muvofiqlik qo‘mitasiga a’zolarni saylash, a’zo assotsiatsiyalar va Kengash tomonidan kiritilgan takliflarni muhokama qilish, futbolda irqchilikka qarshi global pozitsiyani mustahkamlash va FIFAga a’zo bo‘lgan assotsiatsiyalar takliflarini muhokama qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati 2031 yildan boshlab 48 ta jamoaga kengaytirilishi o‘z tasdig‘ini topdi.

O‘FA matbuot xizmatining xabar berishicha, Kongress davomida joriy yilda bo‘lib o‘tadigan klublar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionati hamda keyingi yili o‘tkaziladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi mundial haqida o‘zaro fikr almashildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tishimiz lozimki, FIFA tashkilotining 76-Kongressi 2026 yilning 30 aprelida Kanadaning Vankuver shahrida tashkil etiladigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA