Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” majmuasi pavilonida Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) mundialining bosh sovrini – Jahon kubogini ommaga tanishtirish bo‘yicha “Trophy Tour” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va 2006 yilgi jahon chempioni, Italiya terma jamoasining afsonaviy futbolchisi Marko Materatssi hamda boshqalar ishtirok etdi.
[gallery-27339]
Ma’lumot uchun aytib o‘tish joizki, FIFA taqdim etgan dasturga muvofiq, mazkur marosim joriy yilning 3 yanvar kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda boshlangan bo‘lib, Qora dengiz bo‘ylaridagi davlatlar orqali janubiy Osiyo mamlakatlaridan o‘tib, O‘zbekistonga yetib keldi. Ertaga esa kubok o‘z safarini Yevropa davlatlari va Janubiy Amerika mamlakatlari tomon davom ettiradi. Mundial bosh sovrini yer yuzining 75 ta nuqtasida to‘xtash joyini amalga oshiradi.
Ushbu FIFA Jahon chempionati kubogi sayohati futbol muxlislariga jahon futboli tarixiga bevosita guvoh bo‘lish va sayyoramizning eng yirik sport tadbirlaridan birining ishtirokchisiga aylanish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamrohligida o‘tgan bugungi marosimda yurtimiz futbol ixlosmandlari vazni 6,175 kilogramm og‘irlikdagi asl oltindan yasalgan kubokni yaqindan tomosha qilish va esdalik uchun suratga tushish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat),
O‘zA