Ma’lumki, 2027 yili futbol bo‘yicha U20 Jahon chempionati musobaqalariga Ozarbayjon va O‘zbekiston mamlakatlari mezbonlik qiladi.

Kuni kecha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida FIFA delegatsiyasi vakillari ishtirokida mazkur nufuzli chempionatga ko‘rilayotgan tayyorgarlikka bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida 2027 yili Ozarbayjon va O‘zbekistonda o‘tkaziladigan U20 Jahon chempionati oldidan amalga oshiriladigan ishlar, dasturlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv jarayonida FIFA vakillari mamlakatimizda futbolni har jihatdan rivojlantirish, uning infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida izchil islohotlar olib borilayotganini ta’kidladi. Bu sa’y-harakatlar jahon futbolida ro‘y berayotgan yangilanishlarga hamohang ekanligi e’tirof etildi.
Muzokaralar davomida U20 Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish borasidagi texnik-taktik loyihalar muhokama qilindi. Tashkiliy va funksional yo‘nalishlar bo‘yicha dastlabki rejalar belgilandi.
Bildirilgan fikrlar, takliflar asosida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish mexanizmlari belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida 2027 yilgi U20 Jahon chempionatini muvaffaqiyatli tashkil etishga doir tegishli vazifalar yuzasidan doimiy muloqot olib borilishi qayd etildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA